“Toshkent” Respublika fond birjasi boshqaruvi raisi Georgiy Paresishvili o‘z lavozimini tark etgani haqida savdo maydonchasi matbuot xizmati xabar berdi. Bunga uch yillik mehnat shartnomasi muddatining tugashi sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Kuzatuv kengashining qarori bilan Fayzulla Tashov fond birjasi boshqaruvi raisining vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Tashov o‘z faoliyatini 2001 — 2005-yillarda O‘zsanoatqurilishbankda boshlagan. 2005-yildan Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysida rahbarlik lavozimlarida, 2024-yildan Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysida Depozitar xizmatlar va hisob-kitob-to‘lov operatsiyalari boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

“Toshkent” RFBning xabar berishicha, aksiyadorlar, jumladan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Koreya birjasi (KRX) vakillari, birjaning kuzatuv kengashi, boshqaruvi va jamoasi a’zolari, shuningdek, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi, Investitsiya institutlari milliy uyushmasi vakillari hamda bozor ishtirokchilari birja binosida to‘planishdi. Ular Georgiy Paresishvilini kuzatib qo‘yish va Fayzulla Tashovni kutib olish uchun yig‘ilishdi.

fond birjasi, georgiy paresishvili

Fayzulla Tashov. Foto: KorpInfo / Telegram

2022-yil avgust oyida “Toshkent” RFB kuzatuv kengashi yangi rahbar nomzodi bo‘yicha qaror qabul qildi. U Gruziya fond birjasining ko‘p yillik rahbari — Georgiy Paresishvili bo‘ldi.

2024-yil yanvar oyida “Toshkent” Respublika fond birjasi boshqaruvi raisi Georgiy Paresishvili Spot’ga bergan intervyusida mahalliy kapital bozoridagi muammolar va kelajakda zarur bo‘lgan o‘zgarishlar haqida gapirdi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda depozitlar bilan raqobatlashish uchun “xalq obligatsiyalari"ni yaratish taklif qilingani haqida yozgandi.