WhatsApp messenjerining iOS operatsion tizimi uchun versiyasida iPhone’dan olingan “jonli suratlar"ni qo‘llab-quvvatlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Bu ma’lumotni WABetainfo utilita tadqiqotchilari ilovaning yangi beta-versiyasida tegishli funksiyani aniqlash orqali ma’lum qilishdi.

WABetainfo xabar berishicha, WhatsApp’ning iOS uchun 25.24.10.72 versiyasida messenjerdagi “jonli suratlar"ni qo‘llab-quvvatlash imkoniyati kuzatilgan.

Bunda Live Photos iOS yoki Android platformasidan qat’i nazar, utilitada asl formatda aks ettiriladi. Eslatib o‘tamiz, “jonli suratlar” 2.25.22.29 beta-versiyasidan boshlab Android’da sinovdan o‘tkazilmoqda.

Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, kengaytma Live Photos’ga shaxsiy yozishmalarda ham, guruh chatlarida ham bir xil ishlash imkonini beradi. Foydalanuvchilar animatsiyali suratlarni yuborishda ularni ovozli dinamik klip yoki statik tasvir ko‘rinishida jo‘natishlari mumkin bo‘ladi.

Bunday fotosuratlar yuborilgandan so‘ng, ular messenjerda miniatyura burchagidagi animatsiya belgisi bilan ko‘rsatiladi. Bu kontentning dinamik va ovozli ekanligini tezda aniqlash imkonini beradi.

Hozircha funksiya faqat WhatsApp’ning beta-versiyalarida ishlaydi, barqaror versiyada barcha foydalanuvchilarga qachon taqdim etilishi haqida aniq ma’lumot berilmagan.


Avvalroq Spot WhatsApp iOS’da “multi akkauntlar” funksiyasini sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgandi.

Funksiya yordamida foydalanuvchilar bitta qurilmada bir nechta “WhatsApp” akkauntlariga ega bo‘lishlari va ularni tezda almashtirishlari mumkin.