“WhatsApp” jamoasi iOS’da “multi akkauntlar” funksiyasini sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda “hi-tech.mail” nashri xabar berdi.

Funksiya yordamida foydalanuvchilar bitta qurilmada bir nechta “WhatsApp” akkauntlariga ega bo‘lishlari va ular o‘rtasida tezda almashishlari mumkin.

“Multi akkauntlar” funksiyasi birinchi marta 2023-yilda Androidda paydo bo‘ldi. Messenjerda ikkinchi profil yaratish uchun ikkinchi telefon raqami va ikkita SIM-karta yoki eSIMga ega smartfon bo‘lishi kerak.

Qayd etilishicha, qo‘shimcha akkaunt qo‘shish uchun “WhatsApp” sozlamalarida avatar yonidagi strelkani bosib, “Akkaunt qo‘shish” bandini tanlash kerak.

Bitta smartfonda ikkitadan ortiq hisob bo‘lishi mumkin emas. Bular, masalan, shaxsiy va ish/o‘qish profillari bo‘lishi mumkin. Maxfiylik va bildirishnoma sozlamalari har bir hisob uchun alohida sozlanishi mumkin.

“WABetaInfo” ekspertlari ma’lum qilishicha, “multiakkauntlar” funksiyasi WhatsApp 25.2.10.70 ilovasining beta-versiyasida mavjud. Ayni paytda ushbu versiyani “App Store"da barcha foydalanuvchilar yuklab olishlari mumkin emas.

“Ilovada bir nechta hisoblarni qo‘shish va boshqarish funksiyasi ishlab chiqilmoqda va ilovaning kelgusi yangilanishida mavjud bo‘ladi,” — deya aniqlik kiritishdi mutaxassislar.


Avvalroq “Spot” “WhatsApp"da so‘rovnomaga rasm biriktirish funksiyasi paydo bo‘lishi haqida yozgandi.

Hozircha funksiya messenjerning beta-versiyasi taqdim qilingan bo‘lib, barqaror versiyasida qachon paydo bo‘lishi hozircha noma’lum.

Shuningdek, “WhatsApp"da hujjatlarni skanerlash funksiyasi paydo bo‘lishi haqida xabar berilgandi.

Skanerlash smartfon kamerasi yordamida amalga oshiriladi. Keyin hujjatlarni darhol chat yoki guruhga yuborish mumkin.