WhatsApp xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Attaulla Beyg messenjerga egalik qiluvchi Meta kompaniyasiga qarshi sudga da’vo arizasi topshirdi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Beyg kompaniyani “kiberxavfsizlik sohasidagi tizimli qoidabuzarliklar"ni e’tiborsiz qoldirganligi hamda bir qator xodimlarga foydalanuvchilar ma’lumotlaridan cheklanmagan tarzda foydalanish imkoniyatini berganlikda ayblagan.

U messenjerning kiberxavfsizligi masalalarini rahbariyat e’tiboriga bir necha bor yetkazganini, biroq bular e’tiborsiz qoldirilgani va o‘ziga qarshi choralar ko‘rilganini ta’kidladi.

Beygning aytishicha, u 2021-yilda messenjerning kiberxavfsizlik sohasida foydalanuvchilar ma’lumotlari uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi “tizimli qoidabuzarliklar"ni aniqlagan.

Uning ta’kidlashicha, messenjerning 1,5 mingga yaqin xodimi foydalanuvchi ma’lumotlariga cheklanmagan kirish huquqiga ega bo‘lib, ularni sezdirmasdan ko‘chirish yoki o‘g‘irlash imkoniyatiga ega ekan.

U o‘z tashvishlarini rahbariyatga yetkazishga uringan, ammo e’tiborsiz qoldirilgan. Beygning aytishicha, Meta* uning bu harakatlariga javoban ishini salbiy baholab, oxir-oqibat uni ishdan bo‘shatgan.

“Afsuski, bu tanish taktika bo‘lib, unda qoniqarsiz ishi uchun ishdan bo‘shatilgan sobiq xodim jamoamizning mashaqqatli mehnatini noto‘g‘ri ko‘rsatadigan noto‘g‘ri ommaviy bayonotlar beradi”, — deya Bloomberg WhatsApp vakili Karl Vuganing izohini keltiradi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, da’vo arizasida Beyg messenjerning kuniga 100 mingga yaqin foydalanuvchisi akkaunt o‘g‘irlanishi muammosiga duch kelayotganini ta’kidlagan.

Shu bilan birga, WhatsApp’ning boshqa vakili Zeyd Alsava Beygning asl lavozimi dasturiy ta’minot ishlab chiqish bo‘yicha menejer bo‘lganini aytgan.


Avvalroq Spot AQShning Indianapolis shahrida faoliyat yurituvchi bankrotlik bo‘yicha advokat Mark Stiven Sukerberg Meta’ni sudga bergani haqida yozgandi.