Toshkent farmatsevtika instituti o‘rnida 5 yulduzli mehmonxona qurilishi mumkin. Bu haqda Strategik islohotlar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Hujjat bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Transport vazirligi va Turizm qo‘mitasi ishtirokida Tungi shahar elektron platformasini ishlab chiqishi belgilanmoqda.

Platformada tunda faoliyat olib boruvchi kafe, restoran, muzey, sport majmualari, sog‘lomlashtirish markazlari va boshqa dam olish maskanlari, tungi jamoat transporti (avtobuslar) yo‘nalishlari, maxsus arzonlashtirilgan takliflar haqida ma’lumot olish imkoni yaratiladi.

Toshkentda 2025-yil oxirigacha karshering milliy platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Pilot bosqichda u turistlar oqimi ko‘p bo‘lgan uchta tumanda — Mirobod, Yunusobod va Yakkasaroyda joriy etiladi.

Poytaxtda davlat-xususiy sheriklik asosida avtomat veloshering (velosiped ijarasi) loyihasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilmoqda. Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘chma mobil klinikalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining Toshkent farmatsevtika institutini Toshkent viloyatidagi Tashkent Pharma Park klasteriga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifini ma’qullash taklif etilmoqda. Institutning o‘rnida esa 5 yulduzli mehmonxona hamda 1 ming o‘rinli avtoturargoh qurish ko‘zda tutilgan.

Loyiha bo‘yicha taklif va mulohazalar Strategik islohotlar agentligining takliflar@asr.gov.uz elektron manzili orqali qabul qilinadi.

Avvalroq Spot deputatlar Toshkentda tungi avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yilishini ma’qullagani haqida yozgandi. Tungi yo‘nalishlarda yo‘lkira haqi poytaxt jamoat transporti yo‘nalishlari bilan bir xil etib belgilanadi.