Strategik islohotlar agentligi prezidentning tungi iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha qarori loyihasini tayyorladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar 20 ta indikatorni qamrab oladi. Ular orasida savdo-ko‘ngilochar obyektlar, kafe va restoranlar, WiFi zonalari, kinoteatrlar sonini oshirish, karshering va veloshering tizimi, mobil klinikalar joriy etish, konsertlar, festival va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkazish kabi yo‘nalishlar mavjud.

2030-yilga borib 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi ko‘chalar va hududlar sonini 320 taga, tungi rejimda ishlaydigan kafe va restoranlarni 8 mingtaga, savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini esa 14,2 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.

Birinchi bosqichda respublika bo‘ylab 27 ta tuman va shaharda, shuningdek, Toshkent shahrining barcha tumanlarida 24/7 ko‘chalar va hududlar ro‘yxati shakllantirildi.

Loyihada tunu-kun ishlaydigan hududlar uchun minimal talablar belgilandi. Unga ko‘ra, bunday ko‘chalar va hududlar birinchi navbatda viloyat va tuman markazlarida, shuningdek, aholisi 50 mingdan ortiq bo‘lgan shaharlarda tashkil etiladi. Xalqaro amaliyotga ko‘ra, mazkur ko‘chalarning uzunligi o‘rtacha 800 metrdan 2000 metrgacha bo‘lishi lozim.

Shuningdek, aholi uchun noqulayliklarni oldini olish maqsadida shovqin me‘yorlari darajasini qat‘iy belgilash ham muhim mezon sifatida ko‘rsatilmoqda.

Mahalliy brend maqomiga ega tadbirkorlarning yagona elektron ro‘yxati shakllantiriladi. 24/7 ko‘chalarda filial ochadigan mahalliy brend egalari uchun xodimlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish xarajatlarining bir qismi, shuningdek, yangi ish o‘rinlari soniga qarab kredit foiz xarajatlarining bir qismi qoplab berilishi mumkin.

Shuningdek, 24/7 hududlarni aeroport va vokzallar bilan bog‘lovchi tungi avtobus yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari “Tungi iqtisodiyot” raqamli platformasini ishga tushirish, u orqali mahalliy aholi va turistlarga tungi obyektlar, transport va boshqa imkoniyatlar haqida ma‘lumot taqdim etib borish ko‘zda tutilgan.

Loyihada hokim o‘rinbosari maqomiga ega bo‘lgan “tungi iqtisodiyot menejeri” lavozimini joriy etish ham nazarda tutilgan. Tungi iqtisodiyot menejeri 24/7 ko‘chalar va hududlar uchun master-rejalar ishlab chiqish, biznes faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil etish kabi vazifalar bilan shug‘ullanishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, 24/7 hududlarni boshqaruvchi kompaniyalarga biriktirish ko‘zda tutilgan. Bunday taklif poytaxtning Mirobod tumani tadbirkorlari tomonidan ilgari surildi. Boshqaruv kompaniyalari hududlarni obodonlashtirish, tozalash, texnik ta‘minlash va kundalik masalalarni tezkor hal etish kabi vazifalarga ega bo‘ladi.

24/7 ko‘chalar va hududlarda xavfsizlikni ta‘minlash uchun intellektual videokuzatuv va monitoring tizimlari o‘rnatiladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 11 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi va har yili qo‘shimcha ravishda qariyb 200 ming nafar tashrif buyuruvchilar va turistlar jalb etilishi rejalashtirilmoqda.

Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish

2024-yilning noyabrida Strategik islohotlar agentligi tomonidan tungi iqtisodiyot bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasi va bu yo‘nalishni O‘zbekistonda rivojlantirish istiqbollari o‘rganilgandi. Dekabr oyida esa Savdo-sanoat palatasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun maxsus hudud ajratish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qilgan edi.

Joriy yilning avgust oyida Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi tomonidan poytaxtda tungi avtobuslarni yo‘lga qo‘yish taklif etilgani ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, 15 ta yo‘nalish bo‘yicha avtobuslar soat 22:00 dan ertalab 06:00 gacha harakatlanadi.

Undan keyin tungi avtobuslarning birinchi yo‘nalishi yil oxirigacha ishga tushirilishi ma’lum qilindi. U Husayn Boyqaro ko‘chasidan Qo‘yliq bozori tarafga, undan esa Xonobodtepa shoh ko‘chasi orqali harakatlanadi.

Boshqarma boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Olloyor Norbo‘tayevning qayd etishicha, birinchi bosqichda jami 8 ta yo‘nalishni joriy etish rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, ushbu bosqichda jami 136 km yo‘l qamrab olinadi. Buning uchun esa 19,1 mlrd so‘m mablag‘ talab etiladi.

Ikkinchi bosqichda 7 ta yo‘nalish bo‘yicha harakat yo‘lga qo‘yilib, avtobuslar umumiy 98 km yo‘ldan o‘tadi. 23 ta avtobus jalb etiladigan bu bosqich uchun esa 14,2 mlrd so‘m sarflanishi reja qilingan.

Sentabr oyi avvalida deputatlar Toshkentda tungi avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yilishini ma’qullagani haiqda xabar berilgandi.

Avvalroq O‘zbekistonda turistik obyektlarning tungi faoliyati tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.