Toshkentdagi O‘zbekiston ovozi ko‘chasi 24/7 xizmat ko‘rsatishni boshladi. Bu haqda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ko‘chaning umumiy uzunligi 2,1 km.ni tashkil etadi. Taʼmirlash natijasida savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari 104 tadan 123 taga oshirildi.

Ushbu hududdagi yillik xizmat ko‘rsatish hajmi 23 mlrd so‘mga, budjetga tushum esa 5,2 mlrd so‘mga oshdi. Bundan tashqari, 248 ta qo‘shimcha ish o‘rini yaratildi. Ko‘chani xavfsiz hududga aylantirish uchun 145 ta kuzatuv kameralari o‘rnatildi.

Shu bilan birga, 1050 metr veloyo‘laklar, 2140 metr piyodalar yo‘lagi barpo etildi, 18 ta velosipedlar to‘xtash joyi, 14 ta velosiped saqlash moslamasi o‘rnatildi.

Bundan tashqari, 38 ta maxsus o‘rindiqlar joylashtirilib, yana shuncha chiqindi qutisi va 20 ta jamlangan chiqindi qutilari o‘rnatildi. Hududda 2440 metr drenaj tarmog‘i tortildi va 76,3 ming dona gul ekildi.

Katta yo‘l uchun 72 ta, piyoda va veloyo‘laklar uchun 80 ta chiroq o‘rnatildi. Avtoturargoh 140 ta avtomobilni sig‘dirish imkoniyatiga ega.

Hududda Ze Projekt team korxonasi tomonidan master reja va dizaynerlik ishlarini bajarish uchun Sankt-Peterburg shahridagi loyiha tashkiloti — Lyudi Arxiteks korxonasi tanlangan. 10-may kuni shartnoma imzolanib, ishlar amalga oshirildi.

Kommunal tashkilotlar tomonidan hududdagi barcha kommunikatsiyalar xatlovdan o‘tkazilib, taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

Shahar va tuman IIB bilan birgalikda tanlangan hududni kameralashtirish orqali xavfsiz hududga aylantirish maqsadida 145 ta kuzatuv kameralari o‘rnatildi.

Toshkentda “gastronomik” ko‘cha

2024-yilning fevralida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentda sanoat, infratuzilma va turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ma’qullanib, poytaxtda “gastronomik ko‘cha"lar tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berilgandi.

Xususan, Yashnobod tumanidagi “Sultonali Mashhadiy” ko‘chasi poytaxtdagi birinchi “gastronomik” ko‘cha bo‘lishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko ko‘chasida ham ishlar boshlandi.

O‘tgan yilning 15-iyulidan Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlanishi kerak edi. Biroq, jarayon oradan bir hafta o‘tib, 22-iyulda boshlandi. Spot Mirobod tumani hokimligi bilan gastronomik ko‘cha konsepsiyasi, ochilishining keyinga qoldirilishi, unga tutash hududlar ijarasi va tadbirkorlar bilan bog‘liq zararni kompensatsiya qilish masalalari borasida suhbatlashdi. Joriy yilning iyun oyida gastronomik ko‘cha qurilishining ikkinchi bosqichi yakunlandi.

Shuningdek, Yashnobodda uchinchi gastronomik ko‘cha tashkil etiladi. Sodiq Azimov ko‘chasi uzluksiz ishlovchi ko‘chaga aylantirilib, hududda fudtraklar, 3D monitor, bankomat va infokiosklar o‘rnatiladi.

Sergeli tumanida “gastronomik” ko‘cha barpo etish rejalashtirilmoqda. Uzluksiz faoliyat yurituvchi mazkur ko‘cha So‘g‘diyona va Jaloyir ko‘chalari kesishmasida joylashadi hamda mahalliy hokimlik va Yangi Sergeli istirohat bog‘idan boshlanib, Fayz mebel fabrikasida tugaydi.

Umuman, poytaxtning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida “Gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etish belgilangan.

Mart oyida Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarov poytaxtdagi 26 ta ko‘chada jami 40 km uzunlikdagi 24/7 ko‘chalar tashkil etish rejalashtirilganini ma’lum qildi. Ularda mingdan ortiq yangi tadbirkorlik nuqtalari ochilib, 5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Hokimlik gastronomik ko‘chalarni tashkil etish uchun joylar Toshkentdagi tadbirkorlik faoliyatini hisobga olgan holda tanlanganini qayd etdi. Bu yerda tashrif buyuruvchilar xavfsizligi va qulayligi ta’minlanadi. Shuningdek, shovqin va jamoat tartibini buzishning oldini olish mexanizmlari ishlab chiqilmoqda.

Avvalroq Toshkentning Bunyodkor shohko‘chasida gastronomik ko‘cha tashkil etilgani haqida xabar berilgandi. Uzluksiz ishlaydigan mazkur ko‘chaning 1,5 km qismida 90 ta umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joylashgan.