Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 11-sentabr kuni Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi va yangi rejalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgani haqida yozgandi.
Toshkentning Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident poytaxt tumanlarini Toshkent viloyati tumanlariga biriktirish bo‘yicha topshiriq berganini aytdi. Xususan, poytaxt tumanlari hokimliklariga o‘z tajribalarini viloyat tumanlarida ham joriy etish vazifasi yuklatilgan.
“Taras Shevchenkoning sayyohlik ko‘chasi ishga tushirilgandan so‘ng, u yerga sayyohlar oqimi kamida uch baravar oshdi. 2024-yilning olti oyida ushbu ko‘chadagi 62 nafar tadbirkorning daromadi 152 mlrd so‘mni tashkil etgan. 2025-yilda, gastrol ko‘chasi ochilgandan so‘ng, bu ko‘rsatkich yana 66 milliardga oshib, 218 mlrd so‘mga yetdi. Byudjetga tushumlar 10 mlrd so‘mga — 38 mlrd so‘mdan 48 mlrd so‘mga oshdi. Bunday tajribani Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida ham yo‘lga qo‘ymoqchimiz”, — dedi Sayfutdinov.
Uning aytishicha, Mirobod hokimiyati biriktirilgan Parkent tumanida maxsus hudud tanlanib, u yerda gastronomik ko‘cha barpo etiladi. Bundan tashqari, Parkent hokimiyati bilan hamkorlikda uzumchilik uyi loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Mazkur loyiha doirasida 2−2,5 ming kishini ish bilan ta’minlaydigan markaz tashkil etish taklif qilinmoqda.
Iyun oyida Mirobod tumanida Taras Shevchenko ko‘chasida gastronomik mahalla yaratishning ikkinchi bosqichi yakunlandi. Ishlar Said Baraka va Nukus ko‘chalari kesishmasidan boshlab 226 metr masofani qamrab oldi. Ikkinchi bosqich rasman 2022-yil 22-oktabrda boshlangan edi. Shunday qilib, qurilish ishlari deyarli 8 oy davom etdi.
Mirobod tumani hokimligi matbuot xizmatining Spot’ga xabar berishicha, kelajakda Taras Shevchenko ko‘chasida gastronomik mahalla yaratishning uchinchi bosqichi rejalashtirilgan bo‘lib, u Shahrisabz va Fidokor ko‘chalari kesishmasidan boshlab 400 metr masofani qamrab oladi. Hozirgi kunda loyihani moliyalashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Avvalroq Spot Toshkentda yana bir uzluksiz ishlaydigan gastronomik ko‘cha ochilgani haqida yozgandi.
O‘zbekiston ovozi ko‘chasining uzunligi 2,1 kmni tashkil etadi. Hududda savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari soni 123 taga yetdi.