Islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. Bu haqda bir qator partiyalar fraksiyalari yig‘ilishida taʼkidlanmoqda.

Jumladan, O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Taʼkidlanishicha, islomiy moliyada savdo va sherikchilik orqali moliyalashtirish keng qo‘llanilib, qonunchilikda banklar tomonidan bunday shakllardan foydalanilishiga to‘siqlar mavjud. Xususan, islomiy moliyalashtirishda banklar savdo bilan shug‘ullanish orqali mijozni moliyaviy qo‘llab-quvvatlasa, O‘zbekistonda banklar savdo bilan bevosita shug‘ullanishlari mumkin emas.

Islomiy moliyada moliyalashtirishni sheriklik asosida amalga oshirishga ruxsat etilgan bo‘lib, mamlakatda banklarga yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav kapitallarida qatnashishga doir cheklovlar o‘rnatilgan.

Ushbu qonunning qabul qilinishi natijasida O‘zbekistonda Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) hamda Islom moliyasi xizmatlari kengashi (IFSB) standartlariga mos keluvchi islomiy bank faoliyati uchun zarur huquqiy asos yaratilishi kutilmoqda.

O‘zLiDeP qonun O‘zbekistonda islomiy banklar va islomiy “darcha"lar faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda “yashirin” iqtisodiyot ulushini kamaytirishga xizmat qilishini qayd etdi.

“Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ham ushbu qonun loyihasi muhokama qilindi. Qonun loyihasida ushbu sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish nazarda tutilmoqda.

“BMTTD so‘rovnomasiga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining 68% i, biznes vakillarining esa 60% i diniy eʼtiqodi sabab anʼanaviy bank xizmatidan foydalanishni xohlamaydi”, deyiladi partiya xabarida.

Ekopartiya fraksiyasining muhokamasida deputatlar tomonidan bildirilgan e‘tiroz va takliflar inobatga olinib, qonun loyihasi matniga kiritilgani, aniqlashtirilishi zarur bo‘lgan jihatlar to‘ldirilganiga e‘tibor qaratildi.

2023-yilning noyabrida qabul qilingan prezident qarori bilan 2024-yilgacha mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishning normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqish topshirilgandi.

2024-yil iyulida mikromoliya tashkilotlariga islomiy shartlar asosida xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi. Buning uchun ular maxsus kengash tuzishi va alohida buxgalteriya hisobini yuritishi kerak.

O’tgan yil boshida Markaziy bankning sobiq raisi Mamarizo Nurmuratov Markaziy bankka islomiy bank ochish bo‘yicha murojaatlar bo‘lmaganini, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha qaror loyihasi hukumatga kiritilganini qayd etgandi. Islomiy moliya bo‘yicha qumdon tashkil qilinib, bu boradagi ishlarni boshlash kutilmoqda.

2024-yil may oyida regulyator raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev islom moliyasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu yangi va murakkab soha, qonunchilikda juda ko‘p o‘zgartirishlarni talab qiladi.

Shavkat Mirziyoyev 2024-yil avgust oyida o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda islom moliyasi bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlanganini ma’lum qilgan edi. So‘rov natijalari tadbirkorlarning 38%i islom moliyasi asosida resurs olish istagini bildirganini ko‘rsatgan. Qonun qabul qilinsa, yangi moliyaviy xizmatlar taqdim etilishi, investorlarning kirib kelishi oshishi va $5 mlrdlik qo‘shimcha resurs paydo bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda islom moliyasini tashkil etish

2018-yilda “O‘zbekistonda islom bank ishi va moliyalashtirish infratuzilmasini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasi muhokamasi portaliga joylashtirilgandi. Biroq, hujjat qabul qilinmadi.

Mutaxassislarning fikricha, islom bankingining joriy etilishi orqali mamlakatga $10 mlrdgacha qo‘shimcha xorijiy sarmoya jalb etishi mumkin edi. Bunga to‘sqinlik qiluvchi asosiy to‘siqlardan biri sifatida infratuzilma, me’yoriy-huquqiy baza, depozitlarni himoya qilishning yo‘qligi hamdsa fiskal to‘siqlar keltirilgan. Shu bilan birga, aholi moliyaviy savodxonligining pastligi ham bunga yo‘l bermaydi.

Spot Islom moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) kengashi a’zosi va Islom taraqqiyot banki moliyaviy nazorat departamenti menejeri Xondamir Nusratxo‘jayev bilan suhbatlashgandi.

Unda islomiy moliyaning asosiy tamoyillari va uning klassik bank tizimidan farqlari, O‘zbekistonda mazkur tizimni joriy etish va rivojlantirish uchun zarur chora-tadbirlar haqida so‘z boradi.

Avvalroq Markaziy bank 9 ta bank, 6 ta mikromoliya tashkiloti va 4 ta lombardni jarimaga tortgani haqida xabar berilgandi.