Markaziy bankka islomiy bank ochish bo‘yicha murojaatlar bo‘lmagan. Bu haqda 25-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida regulyator raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi, deb xabar berdi “Spot” muxbiri.

“Islomiy moliya bo‘yicha bizga hali murojaat bo‘lgani yo‘q. Davlat rahbarining tegishli topshiriqlari bilan Markaziy bank hamda hukumat tomonidan qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha tegishli qaror loyihasini hukumatga kiritganmiz”, — dedi Markaziy bank raisi.

Mamarizo Nurmuratov islomiy moliya bo‘yicha qumdon tashkil qilinib, bu boradagi ishlarni boshlash kutilayotganini qayd etdi. Ya’ni bu orqali islom moliyasi bo‘yicha ma’lum bir fuqarolar uchun sharoit yaratish belgilangan.

Shuningdek, Markaziy bank raisi islom moliyasining iqtisodiy o‘sishga qanchalik ta’siri bo‘lishi borasida ham fikrini bildirdi.

“Albatta, buning bevosita bo‘lmasa ham, bilvosita ta’siri bo‘ladi. Chunki, islom moliyasi orqali xarid qilingan yoki ko‘rsatilgan xizmat oxir-oqibatda qo‘shilgan qiymat bilan YaIMga o‘z hissasini qo‘shadi. Bundan faqat ijobiy [natijalar] kutish mumkin”, — dedi u.

2018-yilda “O‘zbekistonda islom bank ishi va moliyalashtirish infratuzilmasini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasi muhokamasi portaliga joylashtirilgandi. Biroq, hujjat qabul qilinmadi.

Mutaxassislarning fikricha, islom bankingining joriy etilishi orqali mamlakatga $10 mlrdgacha qo‘shimcha xorijiy sarmoya jalb etishi mumkin edi. Islomiy moliyani joriy etishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy to‘siqlardan biri sifatida infratuzilma, me’yoriy-huquqiy baza, depozitlarni himoya qilishning yo‘qligi hamdsa fiskal to‘siqlar keltirilgan.

Bundan tashqari, islomiy moliyaning tez joriy etilishiga aholi moliyaviy savodxonligining pastligi ham to‘sqinlik qilmoqda.

2023-yilning noyabrida qabul qilingan prezident qarori bilan 2024-yilgacha mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishning normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqish topshirilgandi.

“Spot” Islom moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) kengashi a’zosi va Islom taraqqiyot banki moliyaviy nazorat departamenti menejeri Xondamir Nusratxo‘jayev bilan islomiy moliyaning asosiy tamoyillari va uning klassik bank tizimidan farqlari, O‘zbekistonda mazkur tizimni joriy etish va rivojlantirish uchun zarur chora-tadbirlar haqida suhbatlashgandi.