O‘zbekistondagi maktablarning yuqori sinflari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinadi. Bu haqda 15-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyevning O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan muloqotida ma’lum qilindi.
Hozirda maktablarda 6,5 mln o‘quvchi ta’lim olyapti. Bu yil maktablarni 400 mingga yaqin o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, 1-sinflarga 720 ming bola qabul qilindi. So‘nggi sakkiz yilda 500 ga yaqin yangi maktablar qurilib, mavjudlarining kengaygani hisobiga 1 mln o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Xususiy maktablarga sharoit yaratilgani natijasida ota-onalar uchun tanlash imkoniyati paydo bo‘lgani, 200 mingdan ziyod o‘quvchi xususiy maktablarda o‘qiyotgani qayd etildi. Maktab ta’limida bir qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirilishi ta’kidlandi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab maktab davrida o‘quvchilarning qobiliyatiga qarab, kasb yoki oliy ta’limga yo‘naltirish uchun 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinadi. Shu orqali 400 mingga yaqin 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarga qamrab olinadi.
O‘qishni maktabda davom ettirib, oliygohga kirish istagida bo‘lgan yoshlarga fanlar tanlov asosida chuqurlashtirib o‘tiladi. Maktabdagi yakuniy imtihon natijalari bilan bitiruvchilar xohlasa texnikumga, istasa oliygohga kira oladi.
Har yili o‘n minglab maktab o‘quvchilari xorijiy til va fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatlar olyapti. Masalan, 2016-yilgacha jami 2 ming nafar maktab o‘quvchisi sertifikat olgan edi. O‘tgan yili xorijiy tillarning o‘zidan 150 ming yoshlar xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi. Endi bunday sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham tan olinishi aytildi.
O‘tgan haftada O‘zbekistonda Yagona imtihon tizimini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish orqali amaliyotga joriy etish rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bugungi kunda o‘quvchilar uch marta imtihon topshiradi: maktabni bitiruv imtihoni, oliy taʼlimga kirish imtihoni hamda fanlar bo‘yicha sertifikat olish imtihoni. Ularni birlashtirish orqali Yagona davlat imtihoni topshirishga o‘tish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil qilinishi haqida xabar berilgandi.