Spot, avvalroq, islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligi haqida yozgandi.

16-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida ushbu qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Loyiha bilan Soliq va Fuqarolik kodekslari hamda 8 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, qonunchilikka islomiy bank, moliya operatsiyalari va standartlari hamda investitsiyaviy depozit tushunchalarini kiritish taklif etilmoqda.

Qonun loyihasida islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani joriy qilish nazarda tutilib, uni olish bo‘yicha aniq talablar ham belgilanmoqda. Shu bilan birga, litsenziyaga ega banklar tomonidan amalga oshiriladigan moliya operatsiyalari belgilab berilyapti.

Islomiy moliyada savdo va sherikchilik orqali moliyalashtirish keng qo‘llaniladi. Biroq mamlakat qonunchiligida banklarning bunday shakllardan foydalanilishi uchun to‘siqlar mavjud. Xususan, islomiy moliyalashtirishda banklar savdo bilan shug‘ullanish orqali mijozni moliyaviy qo‘llab-quvvatlasa, O‘zbekistonda banklar savdo bilan bevosita shug‘ullanishlari mumkin emas.

Loyiha bilan islomiy banklar va islomiy “darcha"lar uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) hamda Islom moliyasi xizmatlari kengashi (IFSB) standartlariga mos keluvchi huquqiy asos yaratiladi.

BMTTD so‘rovnomasiga ko‘ra, aholining 68%i, tadbirkorlarning esa 60%i diniy eʼtiqodi sabab, anʼanaviy bank xizmatidan foydalanishni xohlamaydi.

O’tgan yil boshida Markaziy bankning sobiq raisi Mamarizo Nurmuratov Markaziy bankka islomiy bank ochish bo‘yicha murojaatlar bo‘lmaganini, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha qaror loyihasi hukumatga kiritilganini qayd etgandi. Islomiy moliya bo‘yicha qumdon tashkil qilinib, bu boradagi ishlarni boshlash kutilmoqda.

2024-yil may oyida regulyator raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev islom moliyasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu yangi va murakkab soha, qonunchilikda juda ko‘p o‘zgartirishlarni talab qiladi.

Shavkat Mirziyoyev 2024-yil avgust oyida o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda islom moliyasi bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlanganini ma’lum qilgan edi. So‘rov natijalari tadbirkorlarning 38%i islom moliyasi asosida resurs olish istagini bildirganini ko‘rsatgan. Qonun qabul qilinsa, yangi moliyaviy xizmatlar taqdim etilishi, investorlarning kirib kelishi oshishi va $5 mlrdlik qo‘shimcha resurs paydo bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda islom moliyasini tashkil etish

2018-yilda “O‘zbekistonda islom bank ishi va moliyalashtirish infratuzilmasini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasi muhokamasi portaliga joylashtirilgandi. Biroq, hujjat qabul qilinmadi.

Mutaxassislarning fikricha, islom bankingining joriy etilishi orqali mamlakatga $10 mlrdgacha qo‘shimcha xorijiy sarmoya jalb etishi mumkin edi. Bunga to‘sqinlik qiluvchi asosiy to‘siqlardan biri sifatida infratuzilma, me’yoriy-huquqiy baza, depozitlarni himoya qilishning yo‘qligi hamdsa fiskal to‘siqlar keltirilgan. Shu bilan birga, aholi moliyaviy savodxonligining pastligi ham bunga yo‘l bermaydi.

Spot Islom moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) kengashi a’zosi va Islom taraqqiyot banki moliyaviy nazorat departamenti menejeri Xondamir Nusratxo‘jayev bilan suhbatlashgandi. Unda islomiy moliyaning asosiy tamoyillari va uning klassik bank tizimidan farqlari, O‘zbekistonda mazkur tizimni joriy etish va rivojlantirish uchun zarur chora-tadbirlar haqida so‘z boradi.

2023-yilning noyabrida qabul qilingan prezident qarori bilan 2024-yilgacha mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishning normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqish topshirilgandi.

2024-yil iyulida mikromoliya tashkilotlariga islomiy shartlar asosida xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi. Buning uchun ular maxsus kengash tuzishi va alohida buxgalteriya hisobini yuritishi kerak.

Avvalroq Markaziy bank 9 ta bank, 6 ta mikromoliya tashkiloti va 4 ta lombardni jarimaga tortgani haqida xabar berilgandi.