O‘zbekistondagi pitsa tarmog‘i Bellissimo Pizza Qozog‘istonda o‘zining birinchi restoranini ochdi. Bu haqda tarmoq matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.
Ilk filial mamlakat poytaxti — Ostona shahrining Sig‘anak ko‘chasidagi “Yashil mahalla” turar-joy majmuasida joylashgan. Qozog‘iston brend uchun O‘zbekistondan tashqaridagi birinchi mamlakat bo‘ldi.
Tarmoqning ma’lum qilishicha, poytaxtdagi ikkinchi filialni sentarb oyi oxirida, uchinchisini esa oktabr oyining birinchi yarmida ochish rejalashtirilmoqda.
“Kompaniyaning maqsadi uch yil ichida Qozog‘istonda filiallar sonini qariyb 200 taga yetkazish bo‘lib, bunda asosan milliondan ortiq aholisi bo‘lgan shaharlarga e’tibor qaratiladi va franchayzing tarmog‘i faol rivojlantiriladi”, deyiladi xabarda.
Bellissimo Pizza asoschisi Farrux Abdullayev Qozog‘iston strategik muhim bozor sifatida ko‘rilganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ostona tarmoq uchun birinchi xalqaro manzil sifatida tanlandi.
Shuningdek, Bellissimo Pizza Qozog‘iston bosh direktori Magomed Kostoyev ushbu filial boshlanishi ekanini, yaqin kelajakda kompaniya mamlakatda faoliyatini kengaytirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Bellissimo pitsaxonalari tarmog‘ining Qozog‘iston bozoriga chiqish rejalari joriy yilning may oyida ma’lum bo‘lgandi. O‘shanda tayyorgarlik ishlari olib borilib, jumladan restoranning interyer dizayni bo‘yicha so‘nggi ishlar yakunlanayotgan edi.
2023-yilning may oyida Bellissimo Pizza asoschisi Farruh Abdullayev Spot’ga nega biznesda joylashuv muhimligi, nima uchun bepul yetkazib berish xizmatini to‘xtatmasliklari, xatolari va ushbu biznesga qancha mablag‘ bilan kirish mumkinligi va boshqalar haqida so‘zlab bergandi.
Avvalroq Koreyaning Mom’s Touch umumiy ovqatlanish tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirayotgani haqida xabar berilgandi. Yil oxirigacha birinchi restoranni ochish rejalashtirilmoqda. Mamlakatda jami 60 tagacha shunday savdo nuqtasi faoliyat yuritadi.