Shavkat Mirziyoyev 16-sentabr kuni Yangi Namangan tumanida barpo etilgan Taraqqiyot sanoat va servis zonasidagi loyihalar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Namangan viloyatida 1,5 ming gektar maydonda 73 ta sanoat zonasi bor. Yangi Namangan tumanidagi Sohil mahallasida ilgari tadbirkor va hunarmandlar o‘z uylarida cheklangan sharoitda ishlaganligi, endilikda zamonaviy infratuzilmaga ega yaxlit majmuada faoliyat yuritayotgani qayd etildi.

“G‘ijduvon tajribasi” asosida 10 gektar maydonda tashkil etilgan zonada 113 ta loyiha joylashtirilgan. Ularning barqaror ishlashi uchun budjet hisobidan elektr energiyasi, ichimlik va oqova suv tarmoqlari, ichki yo‘llar kabi zarur infratuzilma barpo etilgan.

Natijada yiliga 500 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish quvvati, 4 800 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Yondosh mahallalardan 170 nafar tadbirkor jalb etilib, 350 dan ziyod xonadonda kooperatsiya asosida mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Davlat rahbari avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi servis markazlari ishini ko‘zdan kechirdi, ustalar bilan suhbatlashdi.

Mamlakatda yangi avtomobil zavodlari ishga tushirilib, mashinalar ko‘payayotganiga qaramay, servis bo‘yicha hali imkoniyat ko‘p ekanligi ta’kidlandi.

“Masalan, chet el avtomobillariga xizmat ko‘rsatish yetarli darajada emas. Buni tizimli yo‘lga qo‘yish orqali aholi bandligi va xizmat sifatini ta’minlash mumkin”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari bunday servis markazlarini boshqa tumanlarda ham tashkil etish, malakali ustalarni tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, prezident sanoat zonasida ishlab chiqarilayotgan mebellar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Mahalliy sanoatni rivojlantirib, tadbirkorlarning faoliyatini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning tajriba orttirib, ish topishiga ko‘maklashish vazifalari qo‘yildi.

Bunday majmualarda insonni qadrlash bo‘yicha yangi yondashuvlar bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Yong‘in va texnik xavfsizlikni ta’minlash, mehnat bilan birga xodimlarning dam olishi uchun ham qulayliklar yaratish muhimligi aytildi.

Shu yerda Namangan viloyatida shaharsozlik va uy-joy qurilishi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar haqida ma’lumot berildi. Bu ishlar aholi uchun zamonaviy yashash sharoitlarini ta’minlash va hududlarni kompleks rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Avvalroq avgustda O‘zbekiston avtomobil bozorida savdolar hajmi qisqargani haqida xabar berilgandi. Biroq ikkillamchi elektromobillar bozori yillik hisobda qariyb besh baravarga o‘sdi.