Mart oyidan buyon Toshkent shahrida avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamagan 6 mingdan ortiq yo‘lovchilar jarimaga tortildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Transport nazorati inspeksiyasi hamda Toshkent shahar jamoat transportini monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi tomonidan poytaxt avtobuslarida yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlanayotgan yo‘lovchilarga nisbatan kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davri davomida 6182 nafar qoidabuzarlarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.
2025-yildan boshlab Toshkent shahrida avtobuslarda naqd pul qabul qilish amaliyoti to‘xtatildi. To‘lovlar faqat elektron qabul qilinadi hamda uni naqd pulda amalga oshirish uchun QR-chiptalarni tegishli to‘lov qurilmalari orqali xarid qilish mumkin.
Mart oyida esa poytaxtda avtobuslarda chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilarga jarima qo‘llanila boshlandi. Yo‘l haqini to‘lamagan yoki chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilarga BHMning 10%i (41 200 so‘m) miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Avvalroq Toshkent viloyatidan poytaxtga harakatlanuvchi yangi avtobus yo‘nalishi ochilgani haqida xabar berilgandi. Yagona aglomeratsiya tizimini joriy etish doirasida Toshkent viloyatining Iftixor mahallasi bekatidan Chorsu metrosigacha harakatlanuvchi avtobus yo‘nalishi ishga tushirildi.