Moped va skuter haydovchilari 1-oktabrgacha haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishlari, ushbu transport vositalari esa davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi lozim. IIV YHXX bu haqda eslatma bilan chiqdi.
Vazirlar Mahkamasi aprel oyida moped va skuterlarni ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini 30-sentabrgacha uzaytirgandi. Dastlab moped va skuter haydovchilarida “A” toifadagi haydovchiliik guvohnomasi bo‘lishi 2025-yil 1-martdan boshlab talab etilgandi.
Endi 1-oktabrdan barcha moped va skuterlar davlat raqamiga ega bo‘lishi shart. Bundan tashqari, haydovchilar uchun “A” toifali (mototsikl) haydovchilik guvohnomasi majburiy bo‘ladi.
YHXX fuqarolarni oldindan ro‘yxatdan o‘tishga va qonun talablariga amal qilishga chaqirdi.
Moped yoki skuterni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun uning egasi yoki vakili quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:
- shaxsini tasdiqlovchi hujjat va ishonchnoma;
- belgilangan namunadagi arizasi;
- texnik tavsiflar aks ettirilgan savdo tashkilotlari (agar mavjud bo‘lsa);
- unga bo‘lgan mulkiy va boshqa ashyoviy huquqlarni tasdiqlovchi hujjat yoki xarid qilinganligini tasdiqlovchi hujjat (agar mavjud bo‘lsa);
- moped yoki skuterni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ularga davlat raqami belgilarini va guvohnomalarni berish uchun to‘lovlar to‘langanligini tasdiqlovchi kvitansiya (elektron to‘lov tizimlar orqali to‘lov amalga oshirilgan hollar bundan mustasno).
Vazirlar Mahkamasi 2024-yilning iyul oyida moped va skuterlar uchun davlat raqamlari turlarini tasdiqladi. IIV va Texnik tartibga solish agentligi uch oy ichida ular uchun texnik reglamentlarni belgilashi va 2025-yildan ro‘yxatdan o‘tmagan mopedlarni boshqarishni taqiqlanishi kerak edi.
Dekabr oyida Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning tegishli buyrug‘i bilan moped va skuterlarga davlat raqami belgilarini berish uchun yig‘im miqdori BHMning 1,5 baravari — 562,5 ming so‘m etib belgilandi.
Shuningdek, yil yakuniga kelib, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati skuter, elektroskuter va elektromototsikllar uchun ro‘yxatdan o‘tkazish raqami belgilarini berishni boshladi.
Avvalroq avtomobillarni utilizatsiya qilish tartibini buzgan shaxslar jarimaga tortilishi haqida xabar berilgandi.