Raqobat qo‘mitasi mamlakat bo‘ylab 3615 ta savdo va xizmat ko‘rsatish obyektida isteʼmolchilarga davlat tilida axborot berish holatlarini o‘rgandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, ayrim savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari o‘z nomi, ish tartibi, tovar (ish, xizmat) lari va qoidalari to‘g‘risida isteʼmolchilarga to‘g‘ri va tushunarli axborot taqdim etmayapti. Shuningdek, taomnomalar hamda boshqa maʼlumotlar davlat tilida berilmayapti.
2510 ta holatda xorijiy tillarda yoki xato bilan yozilgan tashqi yozuvlar, eʼlonlar va axborot matnlari qayd etildi. Kamchiliklar aniqlangan holatlarning 1993 tasi tezkor bartaraf etildi, 21 ta korxonaga nisbatan esa ish qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, 2964 ta korxona va tashkilotlarga isteʼmolchilar huquqlari, reklama va axborot berish bo‘yicha qonunchilik talablari yuzasidan ogohlantirish xatlari yuborildi.
O‘rganishlar doirasida bozorlar, savdo va ko‘ngilochar markazlar, dorixonalar, umumiy ovqatlanish joylari kabilarda profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi.
Shu bilan birga, oxirgi yillarda ro‘yxatdan o‘tgan korxonalarning o‘rtacha 20% idan ortig‘ida xorijiy yoki o‘zbek tili meʼyorlariga xos bo‘lmagan so‘zlar ishlatilgan.
Masalan, 2024-yilda Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan 5071 ta korxonaning 300 tasi, 2025-yil birinchi choragida 1203 ta korxonaning 245 tasi shunday nomlarga ega.
Hududlar kesimida xorijiy tillardan foydalanish darajasi:
- Samarqand viloyatida — 40%;
- Qoraqalpog‘istonda — 39%;
- Andijon — 30%;
- Sirdaryo — 31%;
- Namangan — 26%;
- Farg‘ona va Xorazm — 24%;
- Jizzaxda — 15%.
“Mazkur holatlar yuzasidan mutasaddi idoralar tomonidan zarur chora-tadbirlar belgilanib, davlat tilida axborot taqdim etilishini taʼminlash bo‘yicha tushuntirish va profilaktik ishlar olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Davlat tili talabi
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda reklamalarda davlat tili talablari buzilishi holatlari ko‘paymoqda hamda ularga tegishli choralar ko‘rilmoqda. Xususan, mart oyida Raqobat qo‘mitasi Navoiyda davlat tilida menyusi bo‘lmagan kafega ish qo‘zg‘atdi. Kompaniya mas’uliga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organiga yuborildi.
Shuningdek, qo‘mita hamda Transport vazirligi tomonidan o‘zboshimchalik qilgan Wizz Air aviakompaniyasi xodimlariga chora ko‘rildi. Sobiq deputat Rasul Kusherbayev murojaati asosida aviakompaniya personallarining o‘zbek tilida faoliyati ta’minlandi.
Aprel oyida Basri Baba, China Chuan Chuan, CakeLab hamda Bon! restoranlarida menyuning davlat tilida berilishi ta’minlandi. Bundan tashqari, Toshkentda noqonuniy o‘rnatilgan tashqi reklama qurilmalari olib tashlanayotgani haqida xabar berilgandi.
Avvalroq 1Fit reklama qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi.