Veolia Energy Tashkent shaxsiy kabinetida iste’molchilar uchun yangi funksiya joriy etildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Shaxsiy kabinetning “Hisob-kitoblar” bo‘limida endi to‘lovlar qaysi xizmat — isitish yoki issiq suv ta’minoti uchun hisoblanganini ko‘rish mumkin.

Bunda Isitish (OV) va Issiq suv ta’minoti (GVS) bo‘yicha hisoblar shakllantirilib, to‘lov miqdori har bir xizmat uchun alohida taqdim etiladi.

Yangi funksiyadan foydalanish uchun cabinet.veoliaenergy.uz manzili orqali shaxsiy kabinetgs kirish, “Hisob-kitoblar” bo‘limidan kerakli davrni tanlab, “Sharhlash” tugmasini bosish kerak.

Kompaniya noaniqliklar aniqlansa yoki xizmatni yaxshilash bo‘yicha takliflar bo‘lsa, Telegramdagi operativ markaz guruhi, info@veoliaenergy.uz elektron pochtasi hamda tuman issiqlik ta’minoti bo‘limiga murojaat qilish mumkinligini qayd etdi.

22-avgust kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi issiq suv ta’minoti va isitish xizmatlari uchun yangi tariflarni tasdiqladi. Bazaviy tarif 7% ga oshib, QQSsiz 1 Gkal issiqlik energiyasi uchun 711 641 so‘mni tashkil etadi. Aholi uchun tarif esa 15% ga — 121,6 ming so‘mdan 139 860 so‘mgacha (QQSsiz) oshiriladi.

Yuridik shaxslar uchun narxlar 40% ga oshib, 1 Gkal uchun 342 296 so‘mga yetkaziladi. Budjet tashkilotlari uchun to‘lov 952 797 so‘mni (+18,8%) tashkil etadi, bu Veolia taklif qilgan summadan (954,3 ming so‘m) kam.

Iyul oyida Issiqlikta’minoti raisi Ilhom To‘rayev Toshkentda issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari bir marta oshirilishini ma’lum qilgandi. Bu elektr energiyasi, tabiiy gaz va sovuq suv narxlarining oshishi bilan bog‘liq bo‘lib, issiqlik xizmatlarining tannarxini oshiradi.

Sevara Pardayeva 12-avgust kuni bo‘lib o‘tgan kengash yig‘ilishida tariflarni oshirish zarurligini 2030-yilgacha issiqlik ta’minoti sohasini subsidiyalashdan voz kechish rejalari bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xizmatlar narxini qoplash uchun tariflarni oshirish kerak, narxlarni hozirgi darajada qoldirish esa kelajakda ularning yanada keskin o‘sishiga olib keladi.

Shuningdek, Veolia Energy Tashkent biznes uchun issiqlik ta’minoti tariflarini bosqichma-bosqich budjet tashkilotlari darajasiga ko‘tarish rejalari haqida ma’lum qildi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, bu o‘zaro subsidiyalashni kamaytirish va narxlarni boshqa toifadagi iste’molchilar bilan tenglashtirish imkonini beradi.

Avvalroq Spot Toshkent issiqlik elektr markazi mazutdan voz kechib, to‘liq tabiiy gazga o‘tgani haqida yozgandi. 64 MVt quvvatli gaz-turbinalari yordamida yiliga 515 mln kVt/soat elektr va 630 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilmoqda.