Samarqand viloyatida alkogolsiz ichimliklar, elektrosomakatlar va quyosh panelida ishlaydigan ko‘cha chiroqlari ishlab chiqariladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi v.b. Adiz Boboyev Xitoyning Yaxing Guoji Maoyi korxonasi mas‘ullari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Investorlar Oqdaryo tumanida amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan loyihani taqdim etdi.

Kompaniya alkogolsiz ichimliklar, kir yuvish kukuni, 2, 3 va 4 g‘ildirakli elektrosomakatlar, shuningdek, quyosh panelida ishlaydigan ko‘cha chiroqlarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Loyiha qiymati $28 mlnni tashkil etadi.

Birinchi bosqichda $16,5 mln o‘zlashtirilib, korxona 2026-yil fevral oyida ishga tushadi. Ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi bilan hududda 40 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

“Ishlab chiqarishni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yish uchun Oqdaryodagi Urgut EIZ filiali joylashgan Dahbed massiviga olib boruvchi avtomobil yo‘lini qurish zarur. Investorlar aynan shu masalada viloyat rahbariga murojaat qildi”, deyiladi xabarda.

Taʼkidlanishicha, Adiz Boboyev avtomobil yo‘llari boshqarmasi mutasaddilariga masalani tezkor hal etishni topshirdi. Shuningdek, xitoylik tadbirkorlarga barcha masalalarda qonun doirasida yordam ko‘rsatilishi aytilgan.

Adliya vazirligi 2024-yil oktabr oyida Oqdaryo tumanida Yaxing Guoji Maoyi kompaniyasini ro‘yxatdan o‘tkazgan. Unga Xitoyning Suchjou shahridan tadbirkor Yuan Dongsheng asos solgan bo‘lsa, Aziz Xolmurodov rahbarlik qiladi.

Korxonaning ustav kapitali 1 mln so‘mni tashkil etadi. Rasmiy ravishda kompaniya chakana savdo bilan shug‘ullanadi. Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, u qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va nooziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sohalarida ham ishlamoqchi bo‘lgan.

Yuan Dongsheng, shuningdek, joriy yilning sentabr oyida ro‘yxatdan o‘tgan Yaxing Guoji Jin Chukou Daili firmasining yagona ta’sischisi hisoblanadi. Shuningdek, kompaniya 1 mln so‘m ustav kapitaliga ega bo‘lib, bojxona agenti xizmatlarini ko‘rsatadi.

Spot, avvalroq, Xitoy kompaniyasi Toshkent-Samarqand temir yo‘l liniyasi qurilishida qatnashishi mumkinligi haqida yozgandi.