Avgust oyida qurilish sohasidagi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tadbirkor Usmonjon Abdusamatov sohada asossiz rad etishlar mavjudligi va korrupsiyaviy holatlar haqida so‘z yuritgani haqida xabar berilgandi. U Toshkentda har bir obyektga o‘rtacha $200 ming “qo‘shimcha xarajat” sarflanishini aytgan edi.

Qurilish vazirligi matbuot xizmati holat yuzasidan maʼlumot berdi.

Taʼkidlanishicha, mazkur maʼlumotlar turli muhokamalarni keltirib chiqarishi soha vakillari hamda vazirlikka nisbatan salbiy munosabat shakllanmoqda.

Bu vazirlik va uning tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazayotgani aytildi.

Qurilish vazirligi tadbirkor Usmonjon Abdusamadovga nisbatan tegishli tartibda javobgarlik choralari qo‘llanishini so‘rab, Ichki ishlar vazirligiga rasmiy ariza kiritgan.

“Qayd etish joizki, qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar belgilangan tartibda elektron tarzda amalga oshiriladi. Bu jarayonda qo‘shimcha mablag‘ talab qilinishi qat‘iy taqiqlangan”, deyiladi xabarda.

Qurilishga ruxsatnoma berishidagi korrupsiya

29-avgust kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan qurilish sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tadbirkor Usmonjon Abdusamatov qurilish sohasida asossiz rad etishlar mavjudligi va korrupsiyaviy holatlar haqida so‘z yuritgani haqida xabar berilgandi. U sohadagi korrupsion sxemalar haqida so‘zlab, $500 minglik uy qurishda $20 mingdan $100 minggacha pora berish kerakligini qayd etdi. Toshkentda har bir obyektga o‘rtacha $200 ming “qo‘shimcha xarajat” sarflanadi.

Qurilish vazirligi tadbirkor bildirgan fikr-mulohazalari yuzasidan rasmiy bayonot berib, qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar elektron tarzda amalga oshirilishini, qo‘shimcha mablag‘ talab qilinishi mumkin emasligini qayd etgan.

Keyinroq Kadastr agentligi ham holat yuzasidan izoh berib, tadbirkor tilga olgan qurilish uchun ruxsatnoma berish ishlarida kadastr idoralari ishtirok etmasligini bildirgan edi. Kadastr idoralari barcha qurilish ishlari tugallanganidan so‘ng ko‘chmas mulkni o‘lchab, kadastr pasportini shakllantirib berishi aytilgandi.

Avvalroq qurilish sohasidagi korrupsiya holatlari bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.