Avvalroq Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan hisobot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Prezident ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlar reklamasini cheklash taklifini ma’qulladi.
Yig‘ilishda tibbiyotda oilaviy shifokorlar ulushini 70% ga yetkazish mo‘ljallangani taʼkidlandi. Raqamlashtirish va qog‘oz hujjat aylanishini qisqartirish orqali tibbiyot xodimlarining ish yuklamasini qariyb uchdan bir qismga kamaytirish, fuqarolarning birlamchi bo‘g‘in xizmatlaridan qoniqish darajasini 85% dan oshirish maqsad qilingan. Tibbiyot xodimlarini kasbiy samaradorli asosida moddiy rag‘batlantiriladigan yangi tizimi joriy etilmoqda.
Prezident ixtisoslashgan yordamni tubdan takomillashtirish muhimligini ta’kidladi. Mamlakatdagi o‘nlab ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari yangi asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda, budjetdan katta mablag‘ ajratilmoqda.
Shu bilan birga, aholi orasida xizmat sifati va uzun navbatlar yuzasidan e’tirozlar saqlanib qolayotgani qayd etildi. Ixtisoslashtirilgan markazlarda davolashning xalqaro standartlarini joriy etish, birlamchi bo‘g‘inda metodologik ishlar sustligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shundan kelib chiqib, barcha respublika ixtisoslashtirilgan klinikalari faoliyatini qayta ko‘rib chiqib, ularning boshqaruviga zamonaviy, professional menejerlarni jalb qilish taklifi bildirildi. Turkiyalik mutaxassislar faoliyat yuritayotgan Respublika onkologiya va radiologiya markazi bunga yorqin misol bo‘lishi aytildi.
Ayni paytda klinik protokollarni qayta ko‘rib chiqish va yangilash davom etmoqda: hozirgacha 400 tasi qayta ko‘rildi, yil oxirigacha bu ko‘rsatkich ikki baravar oshadi. Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida 3 mingdan ziyod tibbiy xizmatlar uchun tariflar metodologiyasi ishlab chiqilmoqda.
Davlat rahbari yana beshta markazga xorijiy professional menejerlarni jalb qilish yoki ularni xorijdagi nufuzli klinikalar boshqaruviga berish imkoniyatini o‘rganishga topshiriq berdi.
Bunda xalqaro tajriba asosida diagnostika va davolash standartlari ishlab chiqilishi, milliy klinik protokollar yaratilishi, yangi texnologiyalar joriy qilinishi, markazlarni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya ishlab chiqilishi, yuqori malakali mutaxassislar jalb etilishi, aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishning shaffof va adolatli tizimi yaratilishi shartligi ta’kidlandi.
Joriy yilning avgustida Toshkentda Milliy nevrologiya va neyroreabilitatsiya tibbiyot markazi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda dorilarni elektron retsept asosida yozish tartibi belgilangani haqida yozgandi.