Xitoyning CITIC Construction kompaniyasi $246 mln evaziga Pungon-Namangan avtomobil yo‘lining 75 km qismini rekonstruksiya qiladi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Farg‘ona halqa avtomobil yo‘lining Pungon-Namangan yo‘nalishidagi amaldagi 4R 112 avtomobil yo‘lining 75 kilometrlik qismi ikki tasmali bo‘lib, katta tirbandlik va avariyalarga sabab bo‘lmoqda. Vazir bu Farg‘ona vodiysidagi eng murakkab yo‘llardan biri ekanligini qayd etdi.

“Biz allaqachon Xitoyning yirik CITIC [Construction] kompaniyasi bilan birgalikda yo‘lni rekonstruksiya qilish ishlarini boshladik. Prezidentimiz qurilish ishlarini sifatli bajarish va loyihani o‘z vaqtida yakunlash bo‘yicha alohida topshiriq berdi”, — dedi Mahkamov.

Shavkat Mirziyoyev 16-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyat markazini Toshkent bilan bog‘laydigan va kuniga 15 ming avtomobilni o‘tkazadigan Pungon-Namangan yo‘lining 75 kilometr qismi rekonstruksiya qilinayotganini ma’lum qildi.

$246 mlnlik rekonstruksiya loyihasiga ko‘ra, yo‘l to‘rt tasmali va beton qoplamali bo‘ladi. Uning bo‘yida 34 ta ko‘prik qurilib, 22 ta piyodalar o‘tish yo‘lagi tashkil etiladi.

Namangan viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, loyiha F+EPC (Moliyalashtirish + loyihalash, xaridlar va qurilish) tamoyili asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini 4 barobarga oshirishi, avariyaviy holatlarni kamaytirishi, aholi, biznes va turizm uchun qulayliklar yaratishi kutilmoqda.

Avvalroq Namangandagi 49 ta texnikumda dual taʼlim yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.

CITIC Construction — Xitoyning CITIC Group tarkibiga kiruvchi muhandislik va qurilish kompaniyasi bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga ixtisoslashgan. Kompaniya Osiyo, Afrika, Yevropa va Lotin Amerikasi mamlakatlarida qurilish va investitsiya loyihalarida faol ishtirok etmoqda.