Avvalroq Uzbekistan Airways Amerikaning Boeing korporatsiyasi bilan Boeing 787−9 Dreamliner samolyotlarini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolagani haqida xabar berilgandi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida 22 ta Boeing 787 Dreamliner havo kemasini sotib olish bo‘yicha kelishuv qiymati $8 mlrddan ortiqni tashkil etishini ma’lum qildi. Biroq Uzbekistan Airways ham, Boeing ham shartnoma narxini ochiqlamagan.

O‘zbekiston aviakompaniyasining aniqlik kiritishicha, shartnoma 14 ta Boeing 787−9 Dreamliner samolyotlari va ushbu turdagi 8 ta samolyotni opsion sifatida yetkazib berishni nazarda tutadi, yetkazib berish 2031-yildan boshlanadi. Uzbekistan Airways bitimni 14+8 deb ta’riflamoqda, Boeing esa “22 tagacha 787 Dreamliner samolyotlarini” yetkazib berishga kelishilganini ma’lum qildi.

Aviatsion amaliyotda opsion mijozning kelajakda samolyotlarga buyurtma berish huquqini bildiradi. Agar opsion faollashtirilsa, ishlab chiqaruvchi oldindan kelishilgan shartlarda laynerlarni yetkazib berishi shart. Demak, shartnomaning kafolatlangan qismi 14 ta samolyotni o‘z ichiga oladi, qolgan 8 tasi esa zaruratga qarab qo‘shimcha buyurtmaga aylanishi mumkin.

Odatda aviakompaniyalar opsionli shartnomalarda kichik miqdorda oldindan to‘lov kiritib, keyingi samolyotlarni olish huquqini mustahkamlaydi.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, bir dona Boeing 787−9 Dreamliner bazaviy narxi $292,5 mln dan $300 mln gacha baholanadi. Haqiqiy narx lizing, qo‘shimcha opsiyalar, servis shartnomalari va Boeing’ning chegirmalariga qarab farq qilishi mumkin.

Agar 8 ta opsion hisobga olinmasa va bitta samolyot $300 mln deb olinsa, 14 ta samolyot narxi $4,2 mlrd bo‘ladi. Bu Tramp aytganidan deyarli ikki baravar kam. Agar opsion ham qo‘shilsa, summa taxminan $6,6 mlrd bo‘ladi — bu ham “$8 mlrddan ortiq”, deya e’lon qilingan raqamdan ancha past.

Bundan tashqari, yanvarda Uzbekistan Airways raisi Shuhrat Xudayqulov 14 ta Boeing 787 Dreamliner xaridi qiymatini boshqa raqamda ko‘rsatgandi. U Boeing bilan 2029−2032-yillarda 14 ta Dreamliner samolyotlarini olish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi. “Xarid qilinishi rejalashtirilayotgan samolyotlar narxi taxminan $2 mlrdni tashkil qiladi”, — degandi Xudoyqulov.

Planetspotters portali ma’lumotiga ko‘ra, Uzbekistan Airways flotida hozirda 7 ta Boeing 787−8 Dreamliner mavjud. Birinchisi 2016-yil avgustda, so‘nggisi esa 2021-yil aprelida yetkazib berilgan.

Spot, avvalroq, Franklin Templeton Toshkent fond birjasiga xalqaro depozit banklarini jalb qilishi haqida yozgandi.