Uzbekistan Airways Amerikaning Boeing korporatsiyasi bilan “milliy aviakompaniya tarixidagi eng yirik” shartnomani imzoladi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.

Kelishuv doirasida 14 ta Boeing 787−9 Dreamliner samolyotini xarid qilish va shu turdagi 8 ta havo kemasini opsion sifatida olish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ularni yetkazib berish 2031-yildan boshlanadi.

Aviakompaniya keng fyuzelyajli samolyotlar parkini kengaytirish asosiy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish hajmini oshirish, reyslar jadvalini barqarorlashtirish va Markaziy Osiyoni Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bilan bog‘laydigan yo‘nalishlar tarmog‘ini rivojlantirish imkonini berishini ta’kidladi.

aqsh, boeing, donald tramp, samolyot, shavkat mirziyoyev, uzbekistan airways

Uzbekistan Airways aviakompaniyasida Dreamliner tanlovi yoqilg‘i tejamkorligi va CO2 chiqindilarini kamaytirish, yuqori darajadagi qulaylik (kamaytirilgan “kabina balandligi”, optimal iqlim, qoraytirilgan illyuminatorlar, tinch salon va LED yoritgich), zamonaviy ko‘ngilochar tizim va platformalarga ulanish imkoni hamda ko‘proq yo‘lovchi o‘rni bilan izohlanadi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda Boeing Global kompaniyasi prezidenti Brendan Nelson bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston kompaniyaning ko‘p yillik strategik hamkori ekani qayd etildi.

Muloqotda tashrif chog‘ida imzolangan “Boeing” samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha yangi shartnoma va uzoq muddatli hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Undan keyin AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Shavkat Mirziyoyevni Boeing bilan kelishuv bo‘yicha tabriklab, post qoldirdi.

“Shu oy boshida men O‘zbekiston prezidenti hurmatli Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashgan edim. Bugun men prezident Mirziyoyevni Boeing bilan ulkan bitim imzolangani bilan tabriklayman! Uzbekistan Airways $8 mlrddan ortiq mablag‘ evaziga 22 ta 787 Dreamliner samolyotini xarid qiladi. Bu Qo‘shma Shtatlarda 35 mingdan ortiq ish o‘rinlarini yaratadi. Prezident Mirziyoyev — bir so‘zli inson va biz boshqa ko‘plab masalalar ustida birgalikda ishlashda davom etamiz! Bu masalaga e’tiboringiz uchun tashakkur”, — deb yozadi Tramp.

Yanvar oyida Uzbekistan Airways raisi Shuhrat Xudayqulov joriy yilda aviakompaniya Boeing bilan memorandum imzolashini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, kompaniya 2029−2032-yillarda 14ta “Dreamliner” samolyotlarini olish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xarid qilinishi rejalashtirilayotgan samolyotlar narxi taxminan $2 mlrdni tashkil qiladi, deya qayd etdi Xudoyqulov.