Toshkentdagi birinchi Burger King restoranlari 2025-yil oxirigacha ochiladi. Bu haqda kompaniyada kimligini ochiqlashni xohlamagan manba Spot’ga ma’lum qildi.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda brendning birinchi restorani “tez kunda ochilishi” haqidagi bannerlar rasmi paydo bo‘ldi. U Beruniy metro bekati yaqinida — Alpomish muz saroyi yonida joylashadi.

Bundan tashqari, poytaxtda fastfud tarmog‘ining yana ikkita nuqtasi ochilishi rejalashtirilgan — Tashkent City Mall va Seoul Mun.

Restoranlarning taxminiy ochilishi joriy yilning noyabr-dekabr oylariga rejalashtirilgan. Biroq qurilish ishlari davom etayotgani sababli aniq muddat belgilanmagan.

Aprel oyida International Beverages Tashkent ta’sischisi Shuhrat Ergashev prezident huzuridagi yig‘ilishda O‘zbekistonda tez orada birinchi Burger King restoranlari ochilishini ma’lum qildi. Markaziy ofis Toshkentda joylashishi mumkin. Bundan tashqari, kompaniyalar litsenziyani butun Markaziy Osiyo uchun olishni taklif qildi.

Burger King O‘zbekistonda

2021-yilning iyul oyida Spot bir nechta manbalarga tayanib, Burger King O‘zbekiston bozoriga kirayotgani haqida xabar bergandi. Burger King Uzbekistan — franshiza. Franchayzer esa Moskva. Shuningdek, Burgerhouse allaqachon tashkil etilgan bo‘lib, o‘sha vaqtda xodimlarni ishga qabul qilish ham boshlangandi.

Restoranning ma’muriy-boshqaruv xodimlari (direktor va menejerlar) uchun treninglar Moskvada o‘tkazilishi kerak edi. Restoran direktori uchun ish o‘rinlari 2022-yilda Toshkentda ochilishi rejalashtirilgan edi. Lokatsiyalar bo‘yicha ma’lumotlar yopiqligicha qolgan.

Oktabr oyiga kelib, Burger King fudkortlari qayerda ochilishi ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, bu Bobur bog‘i, Ekobozor yonidagi Atlas majmuasi hamda Chilonzor 25-mavzeaida bo‘lishi kerak edi.

Avvalroq Koreyaning Mom’s Touch umumiy ovqatlanish tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirayotgani haqida xabar berilgandi. Yil oxirigacha birinchi restoranni ochish rejalashtirilmoqda. Mamlakatda jami 60 tagacha shunday savdo nuqtasi faoliyat yuritadi.

International Beverages Tashkent O‘zbekistonda Pepsi, Mirinda, Mountain Dew, 7Up, Adrenaline Rush va Lipton ichimliklarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Burger King — gamburgerlarga (asosan, vopperlarga) ixtisoslashgan dunyodagi ikkinchi yirik tez ovqatlanish restoranlari tarmog‘i. 1954-yilda tashkil etilgan. Kompaniya restoranlariga har kuni 11 mlndan ortiq odam tashrif buyuradi.