Joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonda 8 mlrd kVt/soat “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

23-sentabr soat 14:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 8 mlrd kVt/soatga yetdi. Natijada, 28 kunda 1 mlrd kVt/soat elektr energiyasi olindi.

“Yashil” energiya hisobidan 2,42 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaldi, atmosferaga chiqishi mumkin bo‘lgan 3,55 mln tonna zararli moddalar oldi olindi.

Bundan tashqari, yil boshidan 23-sentabr soat 17:00 holatigacha O‘zbekistondagi barcha gidroelektr, quyosh va shamol stansiyalari jami 13,22 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqardi. Natijada, umumiy generatsiyaning 22% ini “yashil” energiya tashkil etdi.

Vazirlikning qayd etishicha, ushbu hajm 7,3 mln xonadonning 9 oylik yoki 5,5 mln xonadonning bir yillik elektr ehtiyojiga teng.

Bugungi kunda mamlakatda umumiy quvvati 4,68 GVt bo‘lgan 12 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 5 ta shamol elektr stansiyasi ishlab turibdi.

Avvalroq Toshkent issiqlik elektr markazi mazutdan voz kechib, to‘liq tabiiy gazga o‘tgani haqida xabar berilgandi. 64 MVt quvvatli gaz-turbinalari yordamida yiliga 515 mln kVt/soat elektr va 630 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilmoqda.