Surxondaryo viloyatida yo‘lovchilardan 1000 so‘mdan ortiqcha haq olayotgan korxona aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Raqobat qo‘mitasi fuqaroning murojaati asosida Termiztransportxizmat korxonasi faoliyatini o‘rganib chiqdi. Natijada, avtobuslarda har bir yo‘lovchidan yo‘lkira uchun 1000 so‘mdan ortiqcha haq olinayotgani aniqlandi.

Tegishli tartibda Termiz shahri hududida shahar yo‘lovchilar transportlarida bir yo‘lovchi uchun tasdiqlangan 2000 so‘m o‘rniga korxona tomonidan 3000 so‘mdan yo‘lkira haqi olingan.

Hisob-kitoblar natijasida, mazkur korxona tomonidan joriy yilning 1-mayidan 19-mayigacha bo‘lgan davrda 364 560 nafardan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan. Ulardan yo‘l haqi ortiqcha olinishi natijasida jami 364,56 mln so‘m daromad olingan.

Korxonaga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, ortiqcha olingan mablag‘ni qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Joriy yilning fevralida Termiz shahri uchun esa Termiztransportxizmat tomonidan 100 dona avtobus sotib olish rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.

Avvalroq Toshkentda 6 mingdan ortiq yo‘lovchi avtobusda chiptasiz yurgani uchun jarimaga tortigani haqida xabar berilgan edi.