Reklama qonunchiligi buzilishi yuzasidan Nika Farm korxonasiga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mita olib borgan monitoringlar natijasida kompaniya tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda “Forsil — og‘riq mutlaqo izsiz ketadi” mazmunidagi reklama tarqatilgani ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish natijalarida ushbu reklama “Reklama to‘g‘risida"gi qonun talabiga zidligi aniqlandi. Qonunning 35-moddasi 1-qismiga muvofiq, biologik faol qo‘shimchalar (BAD) reklamasida ular davolash xususiyatiga ega deb tasavvur uyg‘otishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mazkur holat yuzasidan qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Joriy yilning may oyida reklama qonunchiligini buzgan 200 ga yaqin kompaniya jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi. 185 ta holatda reklama axborotini tarqatish, jumladan, totalizatorlik faoliyati, 150 ta holatda esa BADlarga oid reklamalarda kamchiliklar aniqlangandi.
Avgust oyida xorijga ishga yuborishni noqonuniy reklama qilgan ikki bloger ishi sudga oshirilgandi.
Spot, avvalroq, 2,5 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari davlat tili talablarini buzgani haqida yozgandi.