Prezident qarori bilan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida islohotlarni tezlashtirish va eksport salohiyatini kengaytirish chora-tadbirlari belgilandi.

Qarorga ko‘ra, ushbu sanoatida 2026-yil uchun asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar qatorida ishlab chiqarishni 9% ga o‘sishini ta’minlash va 146 trln so‘mga yetkazish, eksportni $3,3 mlrdga yetkazish bor.

To‘qimachilik klasterlariga 2022−2023 yil paxta hosili uchun banklardan mol-mulk garovi asosida olingan kreditlar bo‘yicha yengilliklar beriladi. Ularga 1-avgustdan faqat asosiy qarzni, undan keyin foizlarni 12 oyda teng ulushlarda to‘lashga ruxsat etiladi.

To‘lov grafigi bo‘yicha ham asosiy qarz, ham foizini o‘z vaqtida to‘lagan klasterlarga foiz summasining 50%i qaytarib beriladi. Shu bilan birga, 1-avgust holatiga to‘lanmagan foizlarga hisoblangan penya summalari hisobdan chiqariladi.

2025-yil paxta hosilini nobud qilmasdan, o‘z vaqtida terib olishni ta’minlash maqsadida fermer xo‘jaliklariga ular tomonidan qayta ishlovchi korxonalarga, shu jumladan, klasterlarga birja savdolari orqali sotilgan har bir tonna paxta xomashyosi uchun 1 mln so‘mdan subsidiya ajratiladi.

Klasterlar va tarmoq korxonalari o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirsa yoki xarid qilsa, xomashyo qiymatining 10%i qoplab beriladi.

1-sentabrdan 3 yilga klasterlar, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalariga ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilandi.

Shu bilan birga, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan va O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan aralash mato va gazlama mahsulotlari, charm va ipak sanoati uchun zarur xomashyolar bojxona bojidan ozod etiladi.

Mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xodimlari soni 200 dan ortiq bo‘lgan paxta-to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari tomonidan tashkil etilgan bog‘chalarga oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun belgilangan shartlarda budjetdan subsidiya ajratiladi.

Davlat rahbari avgust oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda klasterlarga 2022−2023-yillar hosili uchun berilgan kredit bo‘yicha yuzaga kelgan 377 mlrd so‘mlik penyadan voz kechilishini ma’lum qilgandi.

Avvalroq Spot bog‘dorchilik va meva-sabzavotchilik tarmoqlarining energiya xarajatlari qoplab berilishi haqida yozgandi. Bundan tashqari, fermer va klasterlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan hukumat qarori loyihasi ishlab chiqiladi.