Meta kompaniyasi payshanba kuni o‘zining o‘smirlar uchun mo‘ljallangan akkauntlari endi butun dunyo bo‘ylab Facebook va Messenger foydalanuvchilariga taqdim etdi. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.

Ilgari bu akkauntlar faqat AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Kanadada mavjud edi. Yosh foydalanuvchilar uchun o‘rnatilgan himoya funksiyalari va ota-ona nazorati bilan ta’minlangan ushbu akkauntlar Instagramda dastlab o‘tgan yilning kuzida joriy etilgan edi.

O‘smirlar akkauntlari dastlab Meta va boshqa mashhur ijtimoiy tarmoqlar o‘z xizmatlarida o‘smirlarni himoya qilish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rmagani uchun AQSh qonun chiqaruvchilari tomonidan tanqid qilinganidan ko‘p o‘tmay ishga tushirildi.

Facebook va Messenger’ning global miqyosda kengayishi natijasida o‘smirlar endi istalmaydigan kontent va aloqalarni cheklashga mo‘ljallangan funksiyalardan avtomatik tarzda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga har qanday sozlamalarni o‘zgartirish uchun ota-onalarining ruxsati zarur bo‘ladi.

Bundan tashqari, o‘smirlar faqat o‘zlari obuna bo‘lgan yoki avval muloqot qilgan kishilardan xabarlar oladi. O‘smirning hikoyalarini ko‘rish va ularga javob berish imkoniyati faqat uning do‘stlariga beriladi. Shuningdek, teglar, eslatmalar va izohlar ham faqat o‘smir obuna bo‘lgan yoki do‘st bo‘lgan kishilargagina ko‘rinadi.

Shuningdek, o‘smirlarga kun davomida ijtimoiy tarmoqlardan bir soat foydalangandan so‘ng tarmoqdan chiqish eslatmasi beriladi, kechasi esa ular uchun “Tinch rejim” yoqiladi.


Avvalroq Spot Instagram o‘smirlar akkauntlarini aniqlovchi sun’iy intellektni qo‘shgani haqida yozgandi.

Agar tizim akkaunt voyaga yetmagan shaxsga tegishli deb gumon qilsa, uning maxfiylik sozlamalari avtomatik tarzda o‘smirlar rejimiga o‘tkaziladi.