O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov Nyu-Yorkda AQSh davlat kotibining qurollarni nazorat qilish hamda xalqaro xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Brent Kristensen bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda ikki mamlakat ekspertlari hamda sanoat vakillari o‘rtasida yadroviy hamkorlik to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Ta’kidlanishicha, ushbu hujjat O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida atom energetikasi bo‘yicha yanada keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish asoslarini belgilab beradi.
Brent Kristensen memorandum Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Trampning “mamlakat yadro sanoatini butun dunyoda raqobatbardosh qilishga qaratilgan farmoniga muvofiq amalga oshirilgani"ni qayd etdi.
AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Vashington O‘zbekistonning terrorizm va boshqa umumiy xavfsizlik muammolariga qarshi kurashda hamkorligi uchun minnatdor ekanligini ta’kidladi.
“AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar mustahkam poydevorga ega bo‘lib, atom energetikasi, strategik ahamiyatga ega foydali qazilmalar va boshqa sohalarda investitsiya imkoniyatlari kengaymoqda”, deb yozadi Brent Kristensen.
Joriy yilning may oyida deputatlar O‘zbekistonning yadroviy zararni qoplash bo‘yicha konvensiyaga qo‘shilishini ma’qullagan edi. Iyun oyida Senat O‘zbekistonning Yadroviy zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga qo‘shilishini ma’qullagan.
Spot, avvalroq, Jizzaxda 2 GVt quvvatli katta AES va 110 MVt quvvatli kichik AES qurilishi haqida yozgandi.