Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi va Koreyaning Kuongsannam-do provinsiyasi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat muayyan soha va kasblar bo‘yicha mutaxassislik darajasiga ega bo‘lganlarga E-7 ishchi vizasini berishni nazarda tutadi.

Kelishuv doirasida o‘zbekistonlik yoshlar ushbu provinsiyaning yirik sanoat tarmoqlarida yuqori malakaga ega mutaxassis sifatida o‘z bilim va tajribalarini oshirish imkoniga ega bo‘lishi kutilmoada.

“Kelishuv xorijiy ishchi kuchini qabul qilish yo‘nalishida provinsiyamiz tarixidagi ilk hujjatdir. Biz xorijlik ishchilarning asosan til bilish qobiliyatiga alohida e’tibor qaratamiz. O‘zbek yoshlarining tayyorgarligi va bilim olish tizimini esa juda yuqori baholaymiz”, — dedi Kuongsannam-do provinsiyasi gubernatori Pak Wansu.

Shuningdek, tomonlar qishloq xo‘jaligi va baliqchilik sohalaridagi mavsumiy ishlar uchun beriladigan E-8 vizasiga alohida to‘xtalib, kelgusida bu yo‘nalishda ham ijobiy loyihalar boshlashga kelishib oldi.

Bundan tashqari, TIV o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Koreya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Jung Ki-xong bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ma’lum qilinishicha, ayni paytda migratsiya sohasida sheriklik to‘g‘risidagi bitim loyihasini idoralararo kelishish ishlari davom etmoqda.

Koreya tomoni ushbu hujjatni imzolashga ko‘maklashishga va madaniy-gumanitar, iqtisodiy va mehnat migratsiyasi sohalarida hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanligini qayd etgan.

Bundan oldin O‘zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreyada mavsumiy mehnat ishlarida ishtirok etish dasturiga qayta jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqida xabar berilgandi.

Avvalroq o‘zbekistonliklar uchun Buyuk Britaniyada mavsumiy ish kvotalari oshirilishi haqida xabar berilgandi.