Atom elektr stansiyasining qurilishi O‘zbekistonda elektr energiyasi narxini pasaytiradi. Bu haqda O‘zatom agentligi direktori Azim Axmedxo‘jayev 26-sentabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan “Butunjahon atom haftaligi” doirasida Spot muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Spot’ning AES qurilishi elektr energiyasi arzonlashishiga olib keladimi, degan savoliga agentlik rahbari narxlar “shubhasiz pasayadi”, deya javob berdi.
“Loyihaning investitsiya davridan so‘ng 1 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish narxlari keskin tushadi. Bunda shuni tushunish juda muhim: biz atom energiyasi hisobiga ishlab chiqarish quvvatlarini qancha ko‘p yaratsak, elektr energiyasini shuncha ko‘p optimallashtiramiz. Buning evaziga narxlar, iqtisodiyot qonunlariga ko‘ra, pasayishi kerak”, — dedi u.
Axmedxo‘jayev atom energetikasining “buyuk kelajagi” borligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘mir generatsiyasining istiqboli yo‘q, gazni esa yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishda ishlatish kerak. “Atom, faqat atom”, — deb xulosa qildi u.
26-sentabr kuni O‘zatom va Rosatom O‘zbekistondagi AES loyihasining ikkita katta quvvatli energoblok va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat yangi konfiguratsiyasi bo‘yicha kelishib oldi. Unga ko‘ra, loyiha tarkibiga 3+ avlod VVER-1000 bazasidagi ikkita katta quvvatli energoblok va har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiradi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Yadro zarari uchun javobgarlik to‘g‘risidagi Vena konvensiyasini ratifikatsiya qilgani haqida yozgandi.