Toshkentdan Chorvoqqa qatnovchi mavsumiy avtobus yo‘nalishi rejadan tashqari to‘xtatildi. Bu haqda Tashtrans xabar berdi.

“1226-sonli shahar atrofi avtobus yo‘nalishi (Mashinasozlar metrosi — Chorvoq) bir necha kundan buyon ishlamayapti va keyingi yilgacha yopilgan bo‘lishi mumkin”, — deyiladi xabarda

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qatnov kelasi yilga qadar qayta tiklanmaydi.

Qayd etilishicha, tashuvchi tomonidan yo‘nalishning yopilish sanasi haqida oldindan rasmiy xabarnoma berilmagan.

Mazkur yo‘nalishda qatnovchi avtobuslar harakati 2023-yilning iyun oyi boshida poytaxtdan Chorvoq erkin turistik zonasiga grafik asosida yo‘lga qo‘yilgandi.

Joriy yil 1-iyuldan Toshkentdan Bo‘stonliqqa mavsumiy avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. O‘rtacha yo‘l vaqti: 1 soat 30 daqiqa bo‘lib, yo‘l haqi esa 25 000 so‘m qilib belgilangan.


Avvalroq Toshkentdan Chorvoqqa yangi avtomobil yo‘li qurilishi haqida ma’lum qilingandi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamovning aytishicha, loyiha hozirgi mavjud yo‘lga teginmagan holda amalga oshiriladi.

Vazir o‘z so‘zida Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hamda Toshkent shahri uchun “muhim yo‘nalish"ga aylangan “Chorvoq-Chimyon” rekreatsion zonasiga so‘nggi vaqtlarda “katta investitsiyalar” yo‘naltirilib, unga boruvchi yo‘l turistik jihatdan rivojlantirilayotganini qayd etdi.

“Bugungi kunda mavjud yo‘limiz juda tirband holga kelib qolgan. Prezident tomonidan [Toshkentdan Chorvoqqa harakatlanuvchi avtomobil yo‘lining qurilishi bo‘yicha] qaror qabul qilindi. Bu yo‘nalishning dastlabki konsepsiyasini taqdim etdik”, — dedi vazir.

Ilhom Mahkamov Toshkent-Chorvoq avtomobil yo‘li qurilishi tanlov asosida amalga oshirilishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha “ilg‘or kompaniyalar bilan DXSh asosida yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, vazir bu yo‘l qurilishi mavjud yo‘lga tegmagan holda boshlanishini qo‘shimcha qilgan.