Poytaxtdan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga (“Chorvoq” erkin turistik zonasiga) grafik asosida qatnovchi avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Avtobuslar “Mashinasozlar” metro bekati-Chorvoq yo‘nalishida har kuni uchta grafik asosida harakatlanadi.

Qatnov masofasi 75 km bo‘lgan yo‘nalishda yo‘lovchilar belgilangan manzilga 1 soat 10 daqiqada yetib boradi.

Avtobuslar “Mashinasozlar” metro bekatidan soat 7:00, 13:00 va 18:00 da jo‘naydi. Chorvoqdan esa 6:00, 11:00 va 16:00 harakatlanadi.

Qatnovlar “Uzautotrans service” korxonasining “Yutong” avtobuslarida amalga oshirilib, yo‘lkira narxi 15 ming so‘mni tashkil etadi.

Avvalroq davlat rahbari “Qamchiq” dovoni orqali turistik mikroavtobus, Jizzax dovoni, Chimyon va Chorvoqda turistik avtobus va mikroavtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilishini belgilab bergandi.