O‘zbekistonda hududlararo to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar ichki turizmni rivojlantirish imkonini beradi. Bu haqda Strategik islohotlar agentligining Reformatics bilan kechgan muloqotida ma’lum qilindi.

Agentlik direktori Bahodir Rahmatov Reformatics konsalting kompaniyasi rahbari Nika Gilauri bilan uchrashuv o‘tkazib, mamlakatda turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni muhokama qildi.

Kompaniya bilan birgalikda O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish bo‘yicha 2040-yilgacha mo‘ljallangan strategiya ishlab chiqilmoqda. Ekspertlar mamlakatdagi mehmonxonalar va turoperatorlar holati, transport infratuzilmasi, viza masalalari, har bir hududdagi sayyohlik salohiyati hamda xizmat ko‘rsatish majmualarini o‘rgandi.

Muloqotda xorijiy turistlar soni oshayotgani, biroq tarixiy obidalar, xushmanzara joylar, madaniy va gastronomik imkoniyatlar kamligi qayd etildi. Shu bois xorijiy turistlar sonini yiliga 20 mln nafarga yetkazish hamda yuqori daromadli sayyohlarni jalb etish maqsad qilinmoqda.

Konsalting kompaniyasi tomonidan 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi: madaniyat va tarix, gastronomiya, “Luxury”, ko‘ngilochar hamda innovatsion turizm.

Qayd etilishicha, bu yangi turistik mahsulotlarni yaratish, xizmat sifatini keskin oshirish, investitsiya jalb qilish, marketing kampaniyalari yordamida mamlakatni xalqaro maydonda tanitish kabi kompleks chora-tadbirlarni talab etadi.

Muloqotda sayyohlarni segmentlash, faol chiqish turizmiga ega mamlakatlar bilan aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Agentlik direktori turistlarni jalb qilishda birinchi omil bo‘lgan transport sohasida qulayliklarni oshirish, xalqaro qatnovlarni ko‘paytirish muhimligini ta’kidladi. Mamlakat hududlari o‘rtasida faqat Toshkent orqali emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaparvozlarni yo‘lga qo‘yib, ichki turizmni rivojlantirish masalasiga e’tibor qaratildi.

Reformatics kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida O‘zbekistonning har bir hududiga borib, mutasaddilar bilan birga qo‘shimcha imkoniyatlarni o‘rganishga kelishildi. Bu orqali hududiy salohiyatdan to‘la foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Turizmni rivojlantirish bo‘yicha strategiyani tasdiqlashga oid prezident farmoni loyihasini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh tuzish hamda noyabrda davlat rahbari huzurida taqdimot qilish vazifasi belgilab olindi.

Avvalroq Namangandagi Chortoq suv ombori atrofida turizm kompleksi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Prezident Chortoqni vodiyning turizm xabiga aylantirish vazifasini topshirdi. Loyihalar infratuzilmasi uchun $50 mln ajratiladi.