O‘zbekistonda katta quvvatli atom elektr stansiyasini 2035-yilda to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu haqda 25-sentabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan “Butunjahon atom haftaligi” xalqaro forumi doirasida Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Ahmedxo‘jayev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
2029-yilda Jizzax viloyatida kichik atom elektr stansiyasining birinchi energoblokini ishga tushirish rejalashtirilgan, yana yarim yildan so‘ng ikkinchisi ishga tushiriladi. Ahmedxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, reaktor uskunalarini ishlab chiqarish allaqachon boshlangan, barcha ishlar jadval bo‘yicha olib borilmoqda.
Ahmadxo‘jayev Spot muxbirining yirik AES qurilishi muddatlari haqidagi savoliga aniqlik kiritishicha, birinchi energoblok 2033-yilda, ikkinchisi esa 2035-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
“Rejalar hozircha shunday, ammo har qanday holatda ham shartnoma doirasidagi amalga oshirish jadvalini muhokama qilish yakuniy qarorni belgilab beradi (hujjat hali imzolanmagan — Spot izohi). Aniqroq muddatlarni keyinroq bilib olamiz va shunda qo‘shimcha ma’lumot beramiz”, — dedi O‘zatom rahbari.
20-iyun kuni O‘zatom va Rosatom davlat korporatsiyasi O‘zbekistonda katta quvvatli atom elektr stansiyasini qurish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha kelishuv imzoladi.
O‘tgan hafta O‘zatom va Rosatom O‘zbekistondagi AES loyihasining ikkita katta quvvatli energoblok va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat yangi konfiguratsiyasi bo‘yicha kelishib oldi.
Qo‘shimcha kelishuvga ko‘ra, loyiha tarkibiga 3+ avlod VVER-1000 bazasidagi ikkita katta quvvatli energoblok va har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiradi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, 2035-yilga borib 525 gektar maydondagi kombinatsiyalashgan atom elektr stansiyasi 15 milliard kVt/soatdan ortiq energiya ishlab chiqaradi.
Avvalroq Spot O‘zatom AES loyihasini qo‘shimcha energobloklar hisobiga kengaytirishi mumkinligi haqida yozgandi.
Azim Axmedxo‘jayevning aytishicha, Jizzaxda joylashgan 1000 gektarlik maydon kengaytirish uchun yetarli bo‘lib, zarurat tug‘ilganda yangi yirik energobloklar qurilishi mumkin.