Xalqaro moliya tashkilotlari O‘zbekistondagi atom elektr stansiyasi loyihasini moliyalashtirishda ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 25-sentabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan “Butunjahon atom haftaligi” xalqaro forumi doirasida Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Ahmedxo‘jayev ma‘lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.

Spot muxbirining Rossiya moliyalashtirishi haqidagi savoliga O‘zatom rahbari shunday javob berdi: “Biz rus kontentining ishtirokini istisno qilmadik.”

“Hozirda xorijiy moliyaviy tuzilmalar, jumladan, yaqinda tashkil etilgan BRIKS banki (Yangi taraqqiyot banki — Spot izohi) ushbu loyihani moliyalashtirishga katta qiziqish bildirmoqda. Yaqin Sharq [mamlakatlaridan] qiziqish bildirayotgan va o‘z hissasini qo‘shishga tayyor bo‘lgan tuzilmalar ham bor. Biz hozir ushbu qiziqishni hisobga olgan holda moliyaviy modelni tuzamiz, shundan kelib chiqib, rus texnologiyalaridan foydalanish zarurligini aniqlaymiz,” — dedi u.

Mart oyida Azim Axmedxo‘jayev ilk bor kichik AES loyihasini moliyalashtirish manbalarini oshkor qilgan edi. Xususan, Xitoydan uskunalar, jumladan, turbinalar va elektr jihozlarini yetkazib berishda Xitoy moliyalashtirishini imtiyozli shartlarda jalb qilish rejalashtirilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kichik AES qurilishini moliyalashtirishda davlat byudjeti ham ishtirok etadi, biroq “juda oz miqdorda”. Asosiy manbalar orasida chet eldan jalb qilinadigan mablag‘lar va investitsiya kompaniyalari mavjud.

“Shuningdek, ushbu loyihaga qiziqqan va mablag‘ kiritishga tayyor bo‘lgan investitsiya kompaniyalari ham bor, ammo ular ushbu stansiya egalari qatoriga kirmaydi. Ular foyda oluvchilardir. Aslida bu [moliyalashtirishning] murakkab tizimi”, — deydi u.

Shu bilan birga, O‘zatom “barcha geosiyosiy jarayonlarni” hisobga olgan holda Rossiya mablag‘larini “ko‘rib chiqmayapti”. O‘sha paytda Rossiya mablag‘lari kichik AES loyihasiga jalb qilinmagan edi.

Shavkat Mirziyoyev iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan BRIKS Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusefni qabul qilgandi. Bankning Boshqaruvchilar kengashi tomonidan O‘zbekiston Yangi taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishiga prinsipial rozilik berilgandi.


Avvalroq Spot O‘zbekistondagi yirik AESning birinchi bloki 2033-yilda, ikkinchisi 2035-yilda ishga tushirilishi haqida yozgandi.