Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini kredit taʼminoti sifatida garovga qo‘yish tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, ijaraga oluvchi faqat qonunchilikda yoki ijara shartnomasida nazarda tutilgan hollardagina yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqlarini ijaraga beruvchining roziligisiz garovga qo‘yishga haqli.
Yerga ijara huquqini garovga olgan holda kredit berish tartibi kredit tashkiloti tomonidan ichki qoidalarga muvofiq mustaqil belgilanadi.
Tashkilot tomonidan kredit taʼminoti sifatida ijara huquqi yerning ijaraga berish muddati va yerning bozor qiymatidan kelib chiqib garovga olinadi.
Bunda ijara huquqi muddati kreditni qaytarish muddatidan kamida 5 yildan ortiq bo‘lishi lozim.
Garovni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Davlat kadastrlari palatasining tuman filiali tomonidan amalga oshiriladi. Garovga qo‘yuvchi tugatilganda, garovga oluvchi garov narsasiga muddatidan oldin undiruv qaratish huquqiga ega.
Fevral oyida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni auksionga chiqarishda yangi tizim joriy etilishi haqida xabar berilgandi.
Aprel oyida olib qo‘yilgan yer uchastkalari uchun kompensatsiyalar soliqqa tortilmasligi aytilgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlarini qayta ijaraga berishga ruxsat berilishi haqida yozgandi.