Qozog‘iston Rossiyaga ketayotgan yuk transportlarini tekshirishni kuchaytirdi. Ikki davlat o‘rtasidagi chegara o‘tish joylarida sentyabr oyi o‘rtalaridan beri mashinalar to‘planishi kuzatilmoqda, deya xabar berdi Kommersant.

Birinchi navbatda, bojxona organlari ikki maqsadli tovarlar, shubhali va sanksiya ostidagi yuklar bo‘lgan yuk mashinalarini tekshiradi, dedi SLK kompaniyasining logistika bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Maksim Yemelin.

Elektronika, dronlar, G‘arb brendlarining kiyim-kechaklari kabi tovarlar bo‘yicha tekshiruvlar 99% holatda o‘tkaziladi.

“Ko‘plab tashuvchilar tekshiruvga tushib qolishdan xavotirlanib, qulay vaqtni kutish uchun to‘xtash joylariga burilib ketishmoqda,” — deb ta’kidladi Yemelin.

Harbiy maqsadlarga ega bo‘lmagan va sanksiyalar ostiga tushmaydigan yuklar chegaradan uch-besh kun ichida o‘tkaziladi. AKFA kompaniyasining tijorat direktori Aleksey Chernishev so‘nggi uch hafta mobaynida chegarada navbatlar kuzatilayotganini tasdiqladi.

Chernishevning fikricha, gap Rossiya tomonidan “kulrang” import ustidan nazoratni kuchaytirish haqida ketmoqda. Endi yuk mashinalari chegarani kesib o‘tishdan tortib, Moskva bozorlarida yukni tushirishgacha tekshiradi, shu sababli tashuvchilar chegarada qolib, “vulqon bo‘g‘ziga borishdan qo‘rqishadi”.

Navbatlar soni turlicha baholanmoqda. YM Trans Group logistika bo‘limi rahbari Aleksandr Azatyan Mashtakovo nazorat-o‘tkazish punktidagi yuk mashinalarining sonini 2−3 ming atrofida deb baholadi va kechikishlar asosan Qozog‘istonda rasmiylashtirilgan yuklarga ta’sir qilayotganini ta’kidladi. Sohada faoliyat yurituvchi Kommersant nashri anonim manbasi esa 7500 ta mashina navbatda turganini aytdi.

“Qozog‘iston orqali tashish xavfli bo‘lgan yuklar ro‘yxati mavjud: ular 100% holatda qaytarib yuboriladi — bular mikrosxemalar va har qanday turdagi dastgohlardir”, — deb ta’kidladi Azatyan.

Yunitreyd kompaniyasi vakili Kirill Laxin chegarada yuklar kechikishining bir nechta sabablarini ko‘rsatib o‘tdi. Xususan, 1-noyabrdan boshlab Rossiyada import qilinadigan avtomobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshishi kutilayotgani Zabaykalskdagi (Xitoy tomonidan Manjuriya) chegara o‘tish punktida avtotashuvchi mashinalardan iborat navbatlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Avtomobillarning bir qismi Xorgosga yo‘naltirilgani esa u yerda ham navbatlar vujudga kelishiga olib keldi.

Shuningdek, u Qozog‘iston-Xitoy chegarasidagi Alashankou-Do‘stlik chegara punkti orqali Xitoy yuklarini o‘tkazishdagi muammolarga ishora qildi. Xitoydan Rossiya va Belarusga ketayotgan barcha yuk mashinalari tekshiruvga yuborilmoqda.

Yemelin Qozog‘iston chegarachilarining kontrabanda va sanksiyalangan tovarlarni olib o‘tishga qarshi kurash bo‘yicha faolligi oshganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Ostona Rossiya tomonidan kelayotgan kulrang importga nisbatan nazorat kuchaytirilganini ma’lum qilmoqda va qonuniy yuklar uchun hech qanday to‘siq mavjud emasligini alohida ta’kidlamoqda.

Shu bilan birga, Rossiya FTS “tashqi iqtisodiy faoliyatning vijdonsiz ishtirokchilari” to‘planib qolganini ayblovchi bayonot berdi. Yemelin alohida ta’kidlab, yuklarni tekshirish uchun xodimlar yetishmasligi va CarGoRuqsat kabi raqamli o‘tkazish tizimlarining ishlashidagi uzilishlar haqida ma’lumot berdi.

Tadbirkorlar va davlat idoralari yaqin kelajakda Xitoy tovarlarini yetkazib berish muammolari yanada kuchayishini kutmoqda. Xitoy chegarasidagi avtomobil o‘tkazish punktlari 1-oktabrdan 8-oktabrgacha — davlat bayramlari nishonlanadigan “oltin hafta” davomida faoliyat ko‘rsatmaydi. Ushbu davrga Xitoy tashkil topgan kun (1−3 oktabr) hamda Kuz o‘rtasi bayrami (6-oktabr) to‘g‘ri keladi.

So‘rovda qatnashgan soha vakillarining fikricha, Qozog‘iston chegarasidagi vaziyat o‘zgarmaydi: sanksiya ostidagi tovarlar kechiktiriladi, oddiy tovarlar esa chegaradan o‘tkaziladi. Chernishev tashishlarning bir qismi Uzoq Sharqqa yo‘naltirilishini taxmin qildi.


Avvalroq Spot 10-avgustdan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara posti ochilishi haqida yozgandi.

Mazkur sanadan boshlab Bekobod avto hamda Xovosobod postlari xorijliklar va yengil avtomobillar uchun harakat boshlanadi.