Ilon Mask tarixda birinchi bo‘lib $500 mlrdlik boylikka ega bo‘ldi. Bu haqda Forbes xabar bermoqda.
Tadbirkor aktivlarining umumiy qiymati 1-oktabr kuni AQShning sharqiy sohili vaqti bilan soat 15:30 da (Toshkent bo‘yicha — 2-oktabr soat 01:30 da) ushbu qiymatga yetdi. Bu vaqtga kelib, Tesla aksiyalarining birja savdolaridagi narxi 4% ga oshib, $459 ni tashkil etdi va kompaniya rahbariga $9,3 mlrd qo‘shdi.
Maskning boyligi hozirda $499,1 mlrdga baholanmoqda — bu uning eng yaqin raqobatchisi, Oracle asoschisi Larri Ellisondan $148,4 mlrdga ko‘p.
Tesla’ning Mask mulkidagi ulushi (12%) hozirda $191 mlrdga baholanmoqda — bu joriy yilning aprel oyiga nisbatan deyarli ikki baravar qimmat. Shuningdek, milliarderning aktivlari $168 mlrdlik SpaceX kosmik kompaniyasining 42%ini va $60 mlrdlik xAI’ning 53%ini o‘z ichiga oladi.
Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, Mask 2033-yil martiga kelib dunyodagi birinchi trillionerga aylanishi mumkin. Bunga erishish uchun unga Tesla rahbariyati yaqin 10 yil ichida bir qator maqsadlarga erishganida unga berishga va’da bergan yangi aksiyalar paketi yordam beradi.
“Gap kompensatsiya haqida emas, balki agar biz millionlab robotlarni yaratadigan bo‘lsak, xavfsizlikni ta’minlash uchun Tesla’ga yetarlicha ta’sir ko‘rsatishim haqida ketmoqda,” — deb ta’kidladi Mask. — Agar men Tesla aksiyalariga egalik qilmaydigan faol konsalting kompaniyalari tufayli kompaniyadan mahrum bo‘lishim mumkin bo‘lsa, bunday kelajak meni qoniqtirmaydi".
Maskning aktivlari qiymati bo‘yicha OpenAI kompaniyasining umumiy bahosiga yaqinlashdi, u hozirda taxminan $500 mlrdni tashkil etadi. Startapning hozirgi va sobiq xodimlari investorlarga o‘zlarining $6,6 mlrdlik aksiyalarini sotdilar, garchi kompaniya $10 mlrdlik qog‘ozlarni sotishni taklif qilgan bo‘lsa ham.
Xaridorlar qatoriga Thrive Capital, SoftBank, Dragoneer Investment, MGX, T. Rowe Price va boshqalar kiradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, OpenAI $400 mlrd bilan dunyodagi eng qimmat startap o‘rnini egallagan SpaceX’ni ortda qoldirdi.
Avvalroq Spot Ilon Mask Marsda yashashi va u yerda vafot etishi mumkinligini tan olgani haqida yozgandi.
Tadbirkor Mars Amerikaning bir qismi bo‘lishini ta’kidladi, ammo bu bilan nimani nazarda tutganiga aniqlik kiritmadi.