Avvalroq IIV 2026-yildan O‘zbekistonda 50 yillik avtomototransport vositalaridan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatga olishni taqiqlash bo‘yicha hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygani haqida xabar berilgandi.

Loyiha bilan mamlakatda yuk avtomobillari uchun alohida davlat raqamini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu 44 tonnadan ortiq yuk avtomobillarining harakatlanish oqimini farqlash zarurati bilan izohlanadi.

Qayd etilishicha, oxirgi 15 yilda yuk avtomobillari soni 146 mingdan 391 minggacha ko‘paygan bo‘lib, bu transport oqimini oshirib, yo‘l infratuzilmasining bardavomligini taʼminlashda jiddiy muammo keltirib chiqarmoqda.

Shundan kelib chiqib, umumiy vazni (yuki bilan) 44 tonnadan ortiq bo‘lgan “N3” va “O4” toifadagi yuk tashuvchi va maxsus transport vositalari hamda ochiq konlarda (karer) ishlovchi o‘ziag‘daruvchi yuk avtomobillari uchun alohida ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari joriy etiladi.

Shu bilan birga, tungi vaqtlarda yo‘l yoqalarida to‘xtab turgan yuk mashinalariga nisbatan javobgarlik belgilash taklifi ilgari surilmoqda. 2024-yilda shu kabi holatlar 113 ta YTHga sabab bo‘lib, 47 kishi halok bo‘lgan.

Qarorning qabul qilinishi yuk normativiga mos bo‘lmagan transport vositalari harakatini cheklash orqali yo‘l qoplamalarining uzoq muddat xizmat qilishini taʼminlash va tungi vaqtda yo‘l chetida noto‘g‘ri to‘xtagan yuk mashinalarining orqasidan urilish holatlarini kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Avvalroq xorijiy og‘ir yuk avtomobillarining O‘zbekistonda yurishi uchun to‘lovlar pasaytirilgani haqida xabar berilgandi. Og‘ir yukli va yirik gabaritli transport vositalari o‘tishi uchun arizalarni ko‘rib chiqish, yo‘nalishni kelishish va ruxsatnoma berish uchun to‘lovlar qariyb 1,4 baravar kamaytirildi.