Qoraqalpog‘istonda tadbirkorning auksion orqali olgan mulkiga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi. Tadbirkor huquqlarini himoya qilishda yordam so‘rab Biznes-ombudsman devoniga murojaat qilgan.
Aniqlanishicha, Ellikqalʼa tumani hududida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan tadbirkor onlayn auksionda ishtirok etib, g‘olib deb topilgan va yer uchastkasiga egalik huquqini qo‘lga kiritgan. Biroq, yerni o‘z nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qurilish ishlarini boshlashda muammoga duch kelgan.
MIB tomonidan tuman hokimligining qarzdorligi sababli, hokimlikka tegishli bo‘lgan barcha mol-mulklarga, shu jumladan, auksion orqali tadbirkor tomonidan yutib olingan ushbu yerga ham taqiq qo‘yilgani maʼlum bo‘ldi. Natijada tadbirkor faoliyatini boshlay olmagan.
Biznes-ombudsman devoni yordamida yagona elektron savdo maydonchasi orqali yutib olingan va avval hokimlikka tegishli bo‘lgan yerga qo‘yilgan barcha taqiqlar bekor qilindi.
Avvalroq Biznes-ombudsman aralashuvidan keyin Toshkentda tadbirkorga ortiqcha to‘langan 1 mlrd so‘m QQS qaytarilgandi.