O‘zbekiston Latviyaga aviareyslar soni va yuk tashish hajmini ko‘paytirishi mumkin. Bu haqda Transport vazirliggi xabar berdi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov latviyalik hamkasbi Atis Shvinka bilan uchrashuv o‘tkazdi. Latviya temir yo‘llari, Riga, Liyepaya va Ventspils portlari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda temir yo‘l, avtomobil tashuvlari, havo aloqasi va port xizmatlari sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish muhokama qilindi.

Tomonlar bugungi kunda mamlakatlar o‘rtasida transport sohasidagi strategik hamkorlikni va o‘zaro aloqalarni rivojlantirishning ijobiy dinamikasini alohida ta‘kidladi.

Atis Shvinka maqsadi O‘zbekiston bilan transport sohasidagi munosabatlarni rivojlantirishning keyingi bosqichlarini belgilash ekanini qayd etdi.

Latviya tomoni aviareyslar sonini ko‘paytirish, yuk tashuvlari hajmini oshirish hamda elektron tijoratni rivojlantirishga qiziqish bildirdi. O‘zbekiston tomoni esa raqamli transport hujjatlariga o‘tish, avtomobilda yuk tashuvlari uchun ruxsatnoma blankalari sonini ko‘paytirish, tranzit tashuvlari uchun ruxsatnomasiz tizimni joriy etish bilan bog‘liq masalalarni ko‘tardi.

Ilhom Mahkamov Sharq-G‘arb hamda janubiy yo‘nalishda xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish borasidagi sa‘y-harakatlar haqida ma‘lumot berdi va Latviya tomonini ushbu yo‘laklar salohiyatini oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikda choralar ko‘rishga chaqirdi.

Iyul oyida Transport vazirli o‘rinbosari Jasurbek Choriyev arzon logistika bo‘lmasa, O‘zbekiston iqtisodiyotining jadal o‘sishini saqlab qolishi qiyinligi haqida aytgandi.

Avvalroq Rossiya va Qozog‘iston chegarasida yuk mashinalarining tirbandligi yuzaga kelayotgani haqida xabar berilgandi.