2026-yildan O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan avtomobillardan foydalanish taqiqlanishi mumkin. Ichki ishlar vazirligi bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Loyiha bilan hukumatning ayrim qarorlariga yo‘l harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish belgilanmoqda. Bundan maqsad yo‘llarda harakat ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlash hamda bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Xususan, ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan avtomototransport vositalaridan foydalanish, ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanadi hamda ular davlat ro‘yxatidan chiqariladi.

Bundan “antikvar” avtomototransport vositalari mustasno. Ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va harakatlanishning alohida tartibi belgilanib, loyiha bilan “antikvar” avtomobillar uchun alohida farqlovchi ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini joriy etish vazifasi berilmoqda.

Qayd etilishicha, 2025-yilga kelib O‘zbekistonda transport vositalari soni 5,2 mlntadan oshgan bo‘lib, shundan 87,6 mingtasi ishlab chiqarilganiga 50 yil bo‘lgan mashinalardir.

Bunday avtotransport vositalari xavfsizlik talablariga javob bermaydi va ekologik me’yorlarga (Yevro-4, Yevro-5) mos emas, 30% ko‘proq zararli gaz ajratadi hamda ma’nan eskirgan transport vositalari davlat raqam belgisini noqonuniy taqib yurish (139 ta holat aniqlangan) holatlariga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, 2024−2025 yillarda mamlakatda 50 yillik avtomobillar ishtirokida 67 ta yo‘l-transport hodisalari sodir etilgan va ularda 23 nafar fuqaro halok bo‘lgan.

Vazirlik BAAda 2009-yildan boshlab ishlab chiqarilganiga 20 yildan oshgan avtomobillarni ro‘yxatga olish taqiqlanganini ta’kidlagan. Avtobuslar foydalanish vaqti Qozog‘istonda 12 yil, Rossiyada 10 yil qilib belgilangan.

Iyul oyida YHXX boshlig‘i Sherzod Ibragimov ishlab chiqarilganiga ko‘p yillar bo‘lgan transport vositalari ekspluatatsiyasi bo‘yicha alohida tartib ishlab chiqilishini ma’lum qilgandi.

2030-yilgacha Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida Yevro-5 va undan yuqori standartlariga javob bermaydigan avtomobillar ekspluatatsiyasini bosqichma-bosqich cheklash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, fevral oyida prezident 2025-yil yakunigacha aholini sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i bilan ta’minlagan holda AI-80 avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va uni sotishni cheklash bo‘yicha topshiriq bergandi.

Avvalroq O‘zbekistonda yangi xorijiy avtomobillarni ekologik sertifikatlash bekor qilingani haqida xabar berilgandi.