Avvalroq Spot O‘zbekneftgaz va AQShning Gulf Oil kompaniyasi butun mamlakat bo‘ylab avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini barpo etishni ko‘zda tutuvchi $100 mlnlik memorandumni imzolagani haqida yozgandi.
Loyiha to‘liq ravishda xorijiy ta’sischi tomonidan amalga oshiriladi. Bu ma’lumotni O‘zbekiston Energetika vazirligining matbuot xizmati Spot’ga taqdim etdi.
Xususan, mamlakatning barcha hududlarida 100 tagacha yoqilg‘i quyish shoxobchasi barpo etish rejalashtirilgan. Birinchi navbatda, yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish doirasida, asosiy magistral yo‘llar bo‘ylab yoqilg‘i quyish shoxobchalari ishga tushiriladi.
Yoqilg‘i umumiy belgilangan qoidalar bo‘yicha Tovar-xomashyo birjasida (O‘zRTXB) xarid qilinadi, shuningdek, import bo‘yicha mustaqil ravishda olib kiriladi.
“O‘zbekneftgazdan alohida imtiyozlar yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishlar bo‘lmaydi”, — deya ta’kidladi Energetika vazirligi.
Vazirlik O‘zbekneftgazning tanlanishini Amerika kompaniyasiga O‘zbekiston hududida loyihani amalga oshirish uchun davlat hamkori zarurligi bilan izohladi.
Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi yubiley sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka ko‘p kunlik tashrifi doirasida O‘zbekiston va AQSh umumiy qiymati $3−4 mlrdlik energetika loyihalari bo‘yicha kelishib oldi.
Avvalroq Spot Allied Biofuels Xorazmda $5,9 mlrdga “yashil” aviayoqilg‘i va dizel zavodi qurishi haqida yozgandi.