O‘zbekistonda 2026-yilda Yadro tibbiyoti markazini ochish rejalashtirilgan. Bu haqda 26-sentabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan Butunjahon atom haftaligi doirasidagi ko‘rgazmada Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) vakili ma’lum qildi, deb xabar berdi Spot muxbiri.
Loyiha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi — diagnostika va radiojarrohlikdan tortib saratonning eng murakkab shakllarini davolash uchun proton terapiyasini joriy etishgacha.
Birinchi bosqich doirasida, 2025−2026 yillarda markaz PET-KT skaneri, MRT, siklotron majmuasi, chiziqli tezlatgich, radiofarmpreparatlar laboratoriyasi, shuningdek, yuqori texnologiyali uskunalar — gamma-pichoq va kiber-pichoq bilan jihozlanadi. Ikkinchi bosqichda — 2026-yildan keyin radionuklid terapiyasini, uchinchi bosqichda esa proton terapiyasini rivojlantirish rejalashtirilgan.
“Mazkur markaz orqali yiliga 8 mingdan ortiq kishiga kasallikning erta bosqichlarida tashxis qo‘yish va shu orqali 90% holatda davolanish imkoniyatini yaratishimiz mumkin. Tibbiyot turizmi ham rivojlanadi, xorijiy davolanuvchilar O‘zbekistonga kelishi mumkin bo‘ladi, fuqarolarimiz esa yadroviy tibbiyot xizmatlarini olish uchun chet elga chiqishga majbur bo‘lmaydi”, — dedi u.
O‘zatom'da qayd etilishicha, loyiha 100 dan ortiq yuqori texnologiyali ish o‘rinlarini yaratadi va yadro tibbiyoti sohasida milliy kadrlar bazasini shakllantiradi.
Yadro tibbiyoti markazi loyihasining birinchi bosqichi $25−30 mlnga baholangan bo‘lib, u S. Berezin nomidagi tibbiyot instituti ishtirokida investitsiya formatida amalga oshiriladi. Kelishuv shartlariga ko‘ra, Rossiya tomoni loyihani moliyalashtiradi, O‘zbekiston tomoni esa yer ajratadi va barcha zarur shart-sharoitlarni yaratadi. Obyektning umumiy maydoni — 12 ming kv.metr.
“Hozirda potensial maydonda muhandislik-qidiruv va ekologik ishlar tashkil etilmoqda. Agar u barcha mezonlarga mos kelsa, qurilish ishlarini boshlash mumkin bo‘ladi”, — dedi agentlik vakili.
Tomonlar loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqmoqdalar. Yadro tibbiyotining bo‘lajak markazi Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Ulug‘bek shaharchasida joylashishi mumkin, u yerda O‘zatom balansida turgan bo‘sh bino mavjud.
Iyun oyida O‘zatom agentligi va S. Berezin nomidagi tibbiyot instituti mamlakatda Yadro tibbiyoti markazini tashkil etish loyihasini amalga oshirishning asosiy shartlari to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Loyiha O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ishtirokida amalga oshiriladi.
Avvalroq Spot O‘zbekistondagi yirik AESning birinchi energobloki 2033-yilda, ikkinchisi 2035-yilda ishga tushirilishi haqida yozgandi.