Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining Gabala sammitida nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston prezidenti turkiy dunyoning birdamligini mustahkamlash, jahon siyosati, iqtisodiyoti va gumanitar sohadagi rolini oshirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, davlat rahbari mintaqaviy va global xavfsizlik masalalari bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida Samarqandda TDT tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi qo‘shma uchrashuvini o‘tkazishni taklif qildi.

Shuningdek, prezident Strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tez fursatda qabul qilishni qo‘llab-quvvatladi va tashkilotni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston yetakchisi turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha Doimiy kengashini tuzish va uning Loyiha ofisini Toshkentda joylashtirishni taklif etdi.

Shu bilan birga, yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirib, Turkiy davlatlarning Sanoat alyansi, “Turkiy yashil yo‘laklar” tizimi va “Yashil transformatsiya” konsorsiumini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Shavkat Mirziyoyev, bulardan tashqari, organik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Ekspertlar guruhini tashkil etish va turkiy organik mahsulotlarning yagona brendini jahon bozoriga olib chiqishni taklif qildi.

O‘rta koridorni rivojlantirish va uni Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on yo‘lagi loyihalari bilan bog‘lashni qo‘llab-quvvatlandi, bojxona tartibotini raqamlashtirish va tariflarni optimallashtirish muhimligi taʼkidlandi.

O‘zbekiston prezidenti Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish hamda xalqaro va milliy moliya institutlari bilan hamkorlik dasturini qabul qilishni tavsiya etdi. Davlat rahbari, shuningdek:

  • sunʼiy intellekt va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilish va Turkiy dunyo xalqaro ko‘rgazmasini O‘zbekistonda o‘tkazish g‘oyasini ilgari surdi;
  • O‘zbekistonda qo‘shma tadqiqotlar va innovatsiyalar maydoniga aylanadigan Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etilishini eʼlon qildi;
  • ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlar rejasi va yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqishni taklif etdi;
  • 2026-yilda “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi — Turkiy dunyo maʼnaviy hayotida” mavzusida xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Spot, avvalroq, Shavkat Mirziyoyev BMT sessiyasida qanday tashabbuslarni ilgari surgani haqida yozgandi.