Nobel qo‘mitasi kimyo bo‘yicha 2025-yilgi mukofot laureatlari yaponiyalik Susum Kitagava, avstraliyalik Richard Robson va kelib chiqishi arab bo‘lgan amerikalik Omar Yagiga bo‘lganini ma’lum qildi.

Olimlar gazlar va boshqa kimyoviy elementlarni o‘tkazadigan molekulyar tuzilmalar — “metallorganik karkaslarni kashf etgani uchun” mukofotga sazovor bo‘ldi.

Metallorganik karkaslar bir-biri bilan organik molekulalar orqali bog‘langan metall ionlaridan tashkil topgan. Ular gaz va boshqa moddalarni o‘tkazish qobiliyatiga ega bo‘lgan g‘ovak kristall shaklidagi materiallardir. Turli elementlarni ishlatish orqali turli xil qo‘llanishga ega bo‘lgan materiallar olinadi.

Masalan, havodan suv molekulalarini yig‘ish, suvni ifloslantiruvchi moddalardan tozalash, karbonat angidridni ushlab qolish yoki vodorodni bosimsiz saqlash uchun ishlatilishi mumkin. Ular elektr tokini ham o‘tkazadi va kimyoviy reaksiyalarni tezlashtiradi.

Yangi turdagi materiallarning kashfiyotchisi 1980-yillarda mis ionlari asosida kristall tuzilmalarni yaratgan Richard Robson edi. Keyinchalik Susumu Kitagava kislorod, azot va metanni ushlab qolish va saqlashga qodir materialni yaratdi va Yagi cho‘lda suvni ushlab turish uchun molekulyar materialni ishlab chiqdi.


Avvalroq Spot fizika bo‘yicha 2025-yilgi Nobel mukofoti kvant mexanikasidagi kashfiyot uchun berilgani haqida yozgandi.

Olimlar Jon Klark, Mishel Devore va Jon Martinis elektr zanjirida makroskopik kvant-mexanik tunnellashtirish va energiyani kvantlashni kashf etgan.