Enter Engineering kompaniyasi O‘zbekistondagi birinchi atom elektr stansiyasini qurishga tayyorgarlik ko‘rish uchun subpudratchi sifatida tanlangan. Bu haqda 6-oktabr kuni Jizzax viloyati Forish tumanidagi AES joylashadigan maydonga uyushtirilgan press-turda AES qurilishi direksiyasi rahbari Abdujamil Kalmuratov ma’lum qildi.
Hozirda bu maydonda Enter Engineering tomonidan konstruksiyalarni oldindan yig‘ish uchun mo‘ljallangan qurilish-montaj bazasi qurilmoqda. Uning doirasida qurilish va montaj materiallari omborlari, beton qorishtirish uzellari tashkil etiladi.
“Biz nima uchun Enter Engineering‘ni jalb qildik? Enter Engineering — o‘z avtoparki, malakali mutaxassislari va loyiha institutlariga ega O‘zbekistondagi yirik qurilish kompaniyalaridan biri. Ya’ni kompaniya barcha zarur ishlarni bajara oladi”, — dedi Abdujamil Kalmuratov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, reaktorlar va ular bilan bog‘liq texnologik uskunalar joylashtiriladigan “yadroviy orol” obyektlari qurilishiga Rossiyaning ixtisoslashgan qurilish kompaniyalari jalb qilinadi, chunki shartnoma bo‘yicha loyiha bosh pudratchisi bo‘lgan Rosatom davlat korporatsiyasi buning uchun javobgardir.
Jizzax viloyatidagi AESni joylashtirish maydoni. Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Biroq, AES qurilishi direksiyasi boshlig‘i qurilish ishlariga mahalliy kompaniyalar ham subpudratchi sifatida jalb qilinishini ta’kidladi.
Enter Engineering kompaniyasi qancha hajmdagi ishlarni bajarayotgani haqidagi savolga Kalmuratov mahalliy kompaniya AES qurilishi loyihasining faqat tayyorgarlik qismi bilan shug‘ullanayotganini aytdi.
“Hozir gap faqat qurilish-montaj bazasini qurish haqida ketmoqda — bu tayyorgarlik qismi. Asosiy qurilishga hali hech qanday [mahalliy] kompaniya jalb qilinmagan, alohida shartnoma imzolanmagan”, — dedi u.
Enter Engineering qurilish ishlariga boshqa kompaniyalar ham ishtirok etgan tanlov asosida jalb qilingan. Biroq ularning ro‘yxati ochiqlanmagan.
Abdujamil Kalmuratov stansiya joylashgan hududda ishchilarga ish haqi to‘lash bilan bog‘liq muammolar bo‘lmasligiga ishontirdi. Direksiya butun jarayonni kuzatib boradi va bosh pudratchi hamda barcha subpudratchilar bilan doimiy aloqada bo‘ladi. “Biz ushbu jarayonni to‘liq nazoratda ushlab turibmiz”, — dedi u.
Shu bilan birga, O‘zbekiston tomoni Rosatom’ning sho‘ba tashkiloti — Atomstroyeksport nomidan bosh pudratchi tomonidan subpudratchilarni tanlash jarayoniga aralashmaydi va ular bo‘yicha kafolat bermaydi.
Yozda Rosatom vakili Vitaliy Pakermanov kichik AES qurilishi loyihasida O‘zbekiston tomonidan O‘zatom agentligi, AES qurilishi direksiyasi va Enter Engineering xususiy kompaniyasi ishtirok etayotganini ma’lum qilgandi.
Avvalroq Spot xorijiy tuzilmalar AESni moliyalashtirishga qiziqish bildirayotgani haqida yozgandi.